O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jahon banki bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda
2020-02-07 | Iqtisodiyot
2020-yil 6-fevral kuni Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Iminovning Jahon banki moliya boshqaruvi bo‘yicha yetakchi iqtisodchisi Arman Vatyan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va bu jarayonda Jahon banki bilan olib borilayotgan hamkorlik xususida batafsil so‘z yuritildi.
Jahon bankining “Institutsional salohiyatni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish jarayonini rasman boshlash maqsadida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda O‘zbekistonda islohotlar natijasida Senatning o‘rni yuksalib, uning aholi turmush farovonligini oshirishdagi mas’uliyati oshib borganligi ta’kidlab o‘tildi. Bu esa, Jahon banki loyihasi maqsadi va mazmuni bilan hamohang ekanligi qayd etildi.
Nufuzli xalqaro moliya muassasasi ko‘magida ro‘yobga chiqarilayotgan ushbu loyiha iqtisodiy islohotlar, xususan davlat moliyasini boshqarish, byudjetnoma tayyorlash, g‘aznachilik faoliyatini takomillashtirishga xizmat qilishi e’tirof etildi. Shuningdek, uning doirasida moliyaviy hisobotlar tizimini va ichki davlat nazorati mexanizmlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, davlat korxonalarini isloh qilish kabi yo‘nalishlarda ham amaliy natijalarga erishilishi aytib o‘tildi.
Tomonlar loyiha doirasida davlat byudjetini boshqarish, natijaga yo‘naltirilgan byudjet ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarda qator vazirliklarda tadqiqot o‘tkazish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash, Moliya vazirligi faoliyatini ilg‘or tajriba asosida takomillashtirish orqali integratsiyalashgan axborot tizimini yaratish kabi hamkorlik yo‘nalishidagi masalalarni ham batafsil muhokama qildilar.