O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiya, Vengriya, Ukraina, Ummon va Gruziya bilan investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikning borishi ko‘rib chiqildi
2020-02-07 | Iqtisodiyot
Joriy yil 6-fevral kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida vazir S.Umurzakov boshchiligida O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasi, Vengriya, Ukraina, Ummon Sultonligi va Gruziya Respublikasi bilan investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan videokonferentsiya shaklidagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, xolding kompaniyalari va tijorat banklari rahbarlari, shuningdek, videokonferentsiya orqali mahalliy xokimliklar rahbarlari ham ishtirok etdilar.
Yuqorida sanab o‘tilgan har bir mamlakat bilan ikkitomonlama hamkorlik salohiyatidan foydalanish samarasi tanqidiy ko‘rib chiqildi - xorijiy sheriklar bilan amalga oshirish uchun loyihalar va kelishuvlarni tayyorlash tizimli yo‘lga qo‘yilmagani, shuningdek, imzolanganidan keyin ularning ijrosi ustidan monitoringi sust ekanligi qayd etildi.
Yig‘ilish ishtirokchilariga muammoli masalalarni aniqlash va kelishuvlarni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida tezkor va samarali yechimlarni ishlab chiqish uchun shakillantirilgan loyihalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish topshirigi berildi.
Shuningdek, mas’ul rahbarlar sherik-davlatlarning mavjud bo‘lgan ishlab chiqarish va texnologik salohiyatidan kelib chiqqan holda birgalikda amalga oshirish uchun yangi loyiha takliflarini taqdim etishlari kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, savdo dinamikasi va yuqorida ko‘rsatilgan mamlakatlar bozorlari tuzilmasini tahlil qilish asosida alohida tovar pozitsiyalari bo‘yicha savdoni faollashtirishning istiqbolli yo‘nalishlari ajratib olinadi.
Ushbu chora-tadbirlar yuqorida ko‘rsatilgan davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiya hamkorligi bo‘yicha rejalashtirilgan hukumatlararo tadbirlarning kun tartibini to‘ldirilishini ta’minlaydi.