Termizda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligi uchun saylovlar yakunlariga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.
Mamlakatimizda ilk marta yangi qabul qilingan Saylov kodeksi asosida “Yangi Oʻzbekiston, yangi saylovlar” shiori ostida tashkil etilgan muhim siyosiy jarayon ishtirokchilari qatnashgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi S.Qurbonqulov va boshqalar saylovlarning umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar, prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora oʻtganini, deputatlik oʻrinlari uchun beshta partiya tomonidan nomzodlar ilgari surilganini, saylovchilar bilan yagona elektron roʻyxatga muvofiq ishlash tizimi joriy etilganini alohida taʼkidladi. Bu jarayonlarga xalqaro kuzatuvchilarning xolisona baho bergani Oʻzbekistonning dunyo miqyosida obroʻ-eʼtibori va nufuzini oshirishga xizmat qilgani qayd etildi.
Surxondaryo viloyatida saylovlarni yuqori saviyada tashkil etish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 11, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazuvchi 60, tuman va shahar Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi 409 saylov okrugi hamda 785 uchastka saylov komissiyasi tashkil etilib, faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Mazkur komissiyalarning aʼzolari Saylov kodeksida belgilangan muddatlarda joylarda saylov qonunchiligining bir xil qoʻllanilishini taʼminlash, saylovni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilab olgani oʻz samarasini berdi.
Davra suhbatida saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda erishilgan yutuqlar, kamchiliklar, duch kelingan muammolar chuqur tahlil qilinib, kelgusi saylovlarni yana-da samarali tashkil etish, buning uchun saylovlar oraligʻida aholining huquqiy bilim va madaniyatini oshirib borish yuzasidan fikr almashildi. Mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, Jonibek QOʻZIMURODOV (surat), OʻzA