O‘zbekiston va Qozog‘iston atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha hamkorlik qiladi
Energetika vazirligida Qozog‘iston Respublikasi ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vaziri Magzum Mirzagaliev boshchiligidagi delegatsiya bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.
Unda tomonlar axborot sohasida hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni rivojlantirish va atrof-muhitga, shuningdek, atom energiyasining ekologiyaga ta’sirini baholash bo‘yicha ham so‘z yuritdi.
O‘zbekiston Respublikasida AES qurilishi bo‘yicha loyihaning amalga oshirilishi, umuman davlat yadroviy-energetika dasturini amalga oshirish va yadroviy infratuzilmani yaratish hamda yadroviy xavfsizlik sohasidagi xalqaro huquqiy vositalarni implementatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Vazirlik matbuot xizmati ma’lum qilishicha, xalqaro me’yorlar va MAGATE ning talablariga muvofiq yaqin kelajakda O‘zbekiston Respublikasi va qo‘shni davlatlar hududida, shu jumladan, Qozog‘istonda O‘zbekiston AES inshootlarini joylashtirish va ulardan foydalanishga doir faoliyatning atrof-muhitga ta’sirini baholash bo‘yicha jamoat eshituvlari o‘tkazilishi kutilmoqda.
Qozog‘iston tomoni qo‘shni davlat tomonidan atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha qabul qilinayotgan choralarni ijobiy baholadi va bundan buyon atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida yaqindan hamkorlik qilishni taklif etdi. Uchrashuv natijalariga ko‘ra ushbu yo‘nalishda birgalikda ish olib borish bo‘yicha kelishuvga erishildi.