O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq taʼlimi tizimida mehnat intizomi va ish vaqti rejimiga qatʼiy amal qilinishi belgilab qo'yildi
2020-02-06 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri 2020-yilning 31-yanvar kuni “Xalq taʼlimi tizimida mehnat intizomi va xodimlarning mehnat qilish huquqini amalga oshirish kafolatlariga qatʼiy rioya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi buyrugʻini imzoladi.
Buyruqda Xalq taʼlimi vazirligi markaziy apparati, uning tizimidagi barcha tashkilot va muassasalarda belgilangan ish vaqti rejimiga qatʼiy amal qilinishi belgilandi.
Shuningdek, haftaning dushanba kuniga belgilangan yigʻilish va barcha majlislar boshqa ish kunlariga koʻchirilishi boʻyicha topshiriq berildi.
Vazirlikning barcha tarkibiy boʻlinma boshliqlari, hududiy boshqarmalar hamda vazirlik tasarrufidagi Respublika tashkilotlari va muassasalari rahbarlariga qonunchilikda belgilangan ish vaqti doirasida xodimlarning mehnat faoliyati nazorati va yuqori mehnat unumdorligini taʼminlash boʻyicha vazifalar topshirildi.
Dam olish va bayram kunlarida xodimlarning yuqori turuvchi organlar, boshqa davlat idoralari va tashkilotlari binosiga faqat mazkur idora rahbariyatining yozma ruxsati bilan kirish tartibi belgilandi. Xodimlarni ishdan tashqari vaqtda, ayniqsa, shanba va yakshanba kunlari asossiz ravishda mehnatga jalb etilmaslik boʻyicha topshiriq berildi.
Endilikda xodimlarni dam olish vaqtida ishga jalb etishga faqat alohida hollarda ish beruvchining qarori bilan yoʻl qoʻyiladi. Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq ish vaqtidan tashqari, dam olish va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanishi yoki xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni berilishi shartligi haqidagi qonun talablariga qatʼiy amal qilinadi.
Xodimlarga mehnat taʼtillarini oʻz vaqtida berish va shu vaqt davomida ularning salomatligini tiklash uchun kasaba uyushmalari orqali amaliy yordam koʻrsatiladi.
Qonun talablari asossiz ravishda buzilgan hollarda xodimga toʻlanadigan qoʻshimcha ish haqi va boshqa xarajatlar aybdor rahbarlar hisobidan toʻlanishi belgilandi.