O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2020-02-06 | Jamiyat
Аgentlikda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʼyicha byurosining Inson huquqlari masalalari boʼyicha maslahatchisi Marin Konstant xonim boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi.
Muloqot davomida axborot sohasini isloh qilishda yuzaga kelishi mumkin boʼlgan ehtimoliy muammolar va ularni hal qilish yoʼllari, aholining internet tarmogʼidan toʼsiqlarsiz, toʼla-toʼkis va erkin foydalana olishini taʼminlash, soxta yangiliklarga qarshi kurashish, media makonda inson huquqlarini qaror toptirish imkoniyatlari, onlayn tahdidlar va virtual firibgarlikning oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Аgentlik tomonidan fuqarolarning soʼz va axborot erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish borasida bir yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan oʼzaro fikr almashildi.
Uchrashuvda xorijiy mehmonlarni qiziqtirgan sohaga doir boshqa bir qator savollarga javob qaytarildi.