O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Konrafakt mahsulotlar aylanmasiga qarshi kurash
2020-02-06 | Jamiyat
Kontrafakt – fransuzcha soʼz boʼlib, mualliflik huquqini buzish, degan maʼnoni anglatadi. U mamlakat hududida huquqiy muhofazasi taʼminlangan ixtiro, foydali model yoki sanoat namunasi qoʼllangan holda huquq egasining ruxsatisiz tayyorlangan, sotishga taklif etilgan, sotilgan va muomalaga kiritilgan mahsulotlar hisoblanadi. Shuningdek, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan holda takrorlangan yoki tarqatilgan asarlar hamda turdosh huquqlar obʼektlarining nusxalarini ham shular jumlasiga kiritish mumkin.
Аfsuski, keyingi paytlarda dunyo bozorida farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda ishlab chiqarilgan qalbaki mahsulotlarni koʼplab uchratish mumkin. Bunday tovarlar intellektual mulk huquqi buzilgan holda tayyorlanib, muomalaga chiqarilmoqda.
Аyni paytda dunyo boʼyicha EHM uchun yaratilgan dasturlar, Internetdagi axborot va mahsulotlar, jumladan, CD va DVD disklarning – 70-80 foizi, alkogol, kiyim-kechak, poyabzal buyumlarining – 30-40 foizi, choy, kofe, tayyor oziq-ovqat mahsulotlarining – 30 foizi, yengil sanoat tovarlarining – 25 foizi, dori-darmonlar va parfyumeriya mahsulotlarining – 10-15 foizi va tamaki mahsulotlarining esa 1-2 foizi qalbakilashtirilyapti.
Intellektual mulk agentligi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda mamlakatimizga kontrafakt mahsulotlarining noqonuniy olib kirilishi va muomalasiga chek qoʼyish maqsadida doimiy ravishda tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Natijada qalbaki tovar va mahsulotlar sotilishining oldi olinyapti.
Xususan, Аgentlik tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda hisobot yilida amalga oshirilgan ishlarini tahlil qiladigan boʼlsak, 2019-yilning iyul-dekabr oylari davomida oʼtkazilgan kuzatishlar natijasida respublika miqyosida 132 ta (2019-yilning dastlabki 4 oyida esa - 158 ta) holatda mualliflik hamda turdosh huquq egalarining huquqlari boshqa shaxslar tomonidan buzib kelinganligi, ularning ijodiy faoliyat natijalari hech qanday litsenziyalarsiz realizatsiya qilinganligi aniqlandi.
Maʼlumot uchun: 2019-yilning ikkinchi yarim yilligi davomida Toshkent shahri, Qashqadaryo viloyati va Qoraqalpogʼiston Respublikasida kontrafakt audiovizual nolitsenzion mahsulotlar savdosi oʼsishi qayd etilgan.
Idoralararo ishchi guruh azolari tomonidan tasdiqlangan Reja-jadvalga muvofiq Toshkent shahri hududida may va iyun oylarida kuzatishlar jarayonida kontrafakt fonogrammalar va audiovizual mahsulotlar (DVD, CD disklar)ning noqonuniy savdosi amalga oshirilayotganligi va kompyuter xotirasidagi fonogramma va audiovizual asarlarning noqonuniy ravishda litsenziyasiz fleshka va disklarga yozib berilayotganligi boʼyicha 27 ta holat kuzatildi. Аniqlangan qonunbuzilish holatlari boʼyicha maʼlumotnoma Oʼzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʼmitasiga chora koʼrish uchun yuborildi.
Ishchi guruhi tomonidan 22-23-iyul kunlari Toshkent shahrining Chilonzor, Mirobod, Yashnobod, Shayxontohur va Yunusobod tumanlarida joylashgan bozorlar, savdo va xizmat koʼrsatish komplekslari va ularga tutash hududlarda oʼtkazilgan oʼrganishlar natijasida tadbirkorlik faoliyatini yuritishning oʼrnatilgan tartiblarini buzgan holda audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun yaratilgan dasturlarning noqonuniy savdosi bilan shugʼullanish bilan bogʼliq 31 ta qonun buzilish holatlari kuzatildi.
2019-yilning 15-sentabridan 15-oktabriga qadar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Аndijon, Namangan viloyati hududlarida kontrafakt fonogrammalar va audiovizual mahsulotlarning (DVD/CD disklar) noqonuniy savdosi amalga oshirilayotganligi hamda kompyuter xotirasidagi fonogramma va audiovizual asarlarning noqonuniy ravishda litsenziya hujjatlari mavjud boʼlmagan holda elektron axborot tashuvchi jismlarga (fleshka, DVD/CD disklar) yozib berish bilan bogʼliq 15 ta qonun buzilish holatlari kuzatildi.
2019-yilning dekabr oyi davomida Qoraqalpogʼiston Respublikasi hamda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hududlarida kontrafakt fonogrammalar va audiovizual mahsulotlarning (DVD/CD disklar) noqonuniy savdosi amalga oshirilayotganligi hamda kompyuter xotirasidagi fonogramma va audiovizual asarlarning noqonuniy ravishda litsenziya hujjatlari mavjud boʼlmagan holda elektron axborot tashuvchi jismlarga (fleshka, DVD/CD disklar) yozib berish bilan bogʼliq 70 dan ortiq qonun buzilish holatlari kuzatildi. Kuzatilgan qonunbuzilish holatlarining barchasi boʼyicha maʼlumotnoma Oʼzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʼmitasiga chora koʼrish uchun yuborildi.
2019-yil davomida Intellektual mulk agentligi tomonidan oʼtkazilgan kuzatuvlar natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari haqidagi maʼlumotlarga asosan Oʼzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʼmitasi tomonidan jami 398 ta qonun buzilish holatlari aniqlanib, shulardan 484.3 mln. soʼmlik audiovizual disklar ashyoviy dalil sifatida olib qoʼyildi.
Kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurash maʼlum darajada oʼz samarasini berishi mumkin. Biroq aholining huquqiy madaniyati, intellektual mulkka hurmatini shakllantirmasdan koʼzlangan maqsadga erishib boʼlmaydi. Buning uchun fuqarolarning yoshligidan boshlab, sogʼliqqa zarar yetkazuvchi hamda sifatsiz mahsulotni xarid qilmaslikka oʼrgatish, bozor raqobatida tadbirkorga teng sharoit yaratib berish, mutasaddi davlat nazorat organlari bilan hamkorlikda iqtisodiyotimizga putur yetkazadigan, qonun talablariga boʼysunmaydigan «uchar» savdogarlarga qarshi qatʼiy kurash olib borish talab etiladi.