O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Raqamli iqtisodiyot imkoniyatlari amalda
2020-02-06 | Iqtisodiyot
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi tomonidan Toshkent shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatiga tatbiq etilayotgan yangi tizimlarning ishlash jarayoniga bag‘ishlangan seminarlar tashkil etilmoqda.
Unda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar vakillariga elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) hamda onlayn nazorat-kassa mashinalari (onlayn-NKM) yoki virtual kassalari haqida batafsil tushunchalar berilyapti.
Shu kunga qadar bunday tadbirlar Yunusobod, Uchtepa, Chilonzor, Sergeli, Bektemir, Yashnabod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Shayxontohur, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida bo‘lib o‘tdi. Seminarlarda dastlab EHF tizimi haqida so‘z yuritildi.
- Elektron hujjatni tizim maksimal darajada serverlarda xavfsiz saqlaydi, - deydi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi mutaxassisi Nodir Muhammadov. - Ularni shakllantirish va hatto eng uzoq hamkorlarga yuborish uchun bir necha daqiqa kifoya. Shuningdek, ortiqcha qog‘ozbozlik va xarajatlarni kamaytiradi. Buxgalteriya hisobining birlamchi hujjatlari va soliq hisobotlarini tayyorlash jarayonini soddalashtiradi.
Ha, EHF bilan hujjat aylanishi oddiy, tez, oson va qulay. Demak, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidan dadil borayotgan mamlakatimiz va uning kelajagi uchun ushbu tizimning nechog‘lik ahamiyatli ekanini izohlashga hojat yo‘q.
- Ishtirokchilar tomonidan yuboriladigan hisobvaraq-fakturalar nega pullik bo‘lishi kerak, degan savol ko‘p berildi, - deydi N.Muhammadov. - Gap shundaki, korxonalar buxgalteriya hisobini yuritishda, hisobvaraq-faktura shakllantirishda har xil dasturi yoki tizimlardan foydalanadi. Operator tizimi bilan ixtiyoriy billing tizimlarini integratsiya qilish mumkin. Axborot vositachisi - operatorlar esa ushbu tizimlardagi EHFni axborot tizimiga integratsiya qiladi, xavfsiz serverlarda 5 yil davomida saqlaydi. Hujjat rouming operatoriga (DSQ bazasiga) o‘rnatilgan shaklda kelib tushishini ta’minlaydi. Shu xizmatlari uchun qisman pullik to‘lov olinadi. Bu qog‘oz shaklidagi hisobvaraq-fakturaga nisbatan 5-10 barobar kam xarajat degani.
Seminarlar davomida onlayn-NKM yoki virtual kassaning qay tartibda tatbiq etilishi va uning afzalliklari haqida ham batafsil tushunchalar berildi.
Onlayn-NKM yoki virtual kassaning afzalligi shundaki, davlat soliq xizmati organlari real vaqt rejimida realizatsiya qilingan tovarlar yoki xizmatlar nomi, miqdori, QQS stavkasi, summasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkoniga ega bo‘ladi. Xaridorlar mobil qurilma yordamida QR-kodi orqali onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassa taqdim etgan chekning haqiqiyligini tekshira oladi. Sotib olish haqidagi barcha ma’lumotlar DSQ ma’lumotlar bazasida, shuningdek, xaridorning mobil telefonida saqlanadi.
Tadbirkorlik sub'yektlari vakillariga onlayn-NKM yoki virtual kassani qo‘llashda beriladigan imtiyozlar haqida ham tushunchalar berildi.
Xususan, ushbu tizimni faoliyatiga joriy etganlarga virtual kassa dasturiy mahsulotining bazaviy qismi DSQ tomonidan bepul beriladi. Plastik karta yoki chegirma kartalariga o‘tkazilgan bonuslar (cashback) daromad solig‘i bazasi sifatida qaralmaydi. Kunlik o‘rtacha naqd pul tushumi miqdoridan qat’i nazar, naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali tadbirkorlik sub'yektlari o‘zlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega bo‘ladi. Tadbirkorlik sub'yektlari uchun 2021 yil 1 yanvarga qadar onlayn-NKMni joriy etish bilan bog‘liq harajatlari ularning keyingi soliq to‘lovi hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha kamaytiriladi.
Uchrashuvlarda onlayn nazorat kassa mashinasi yoki virtual kassalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartiblari, ularga texnik xizmat ko‘rsatish markazlari kabi muhim masalalar xususida ham atroflicha so‘z yuritildi.
Ma’lumot o‘rnida: Tadbirkorlik sub'yektlari EHF hujjat aylanish tizimiga doir to‘liq ma’lumot bilan “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazining www.rouming.uz, onlayn-NKM yoki virtual kassaning qo‘llanilishi bo‘yicha esa www.ofd.uz saytlari orqali yaqindan tanishishi mumkin. Mazkur tizimlar bilan bog‘liq savollarni Markazning info@rouming.uz yoki https://rouming.uz/contacts elektron manzillariga yo‘llash imkoni ham mavjud. Ularga Markaz mutaxassislari tomonidan aniq va batafsil javob qaytariladi.