O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2020-02-05 | Siyosat
2020-yil 4-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berish, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, “Cotton Campaign” delegatsiyasi bu safargi tashrifining maqsadi hukumat va fuqarolik jamiyati bilan muloqotni yanada rivojlantirish, fuqarolarning mehnat huquqlarini ta’minlash va majburiy mehnatning barcha shakllariga berham berish sohasida hamkorlikni faollashtirishdan iborat.
Delegatsiya a’zolariga Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi faoliyati, vazifalari va tarkibiy tuzilishi haqida batafsil ma’lumot berildi. Bunda “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasining barcha tavsiyalari o‘z vaqtida bajarilayotganligiga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, delegatsiya a’zolari tomonidan O‘zbekistonda keyingi yillarda majburiy mehnatga barham berish, avval bu illat qayd etilgan soha - agrar tarmoqda bozor mexanizmlarini joriy etish borasida salmoqli natijalarga erishilgani ta’kidlandi. Xalqaro koalitsiya O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatni yo‘q qilish borasidagi qat’iyatini qo‘llab-quvvatlashi qayd etildi. Majburiy mehnat muammosining ochiq tan olinishi va OAVda yoritilishida sezilarli siljish bor ekanligi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilayotganligi qayd etildi.
Majburiy mehnat turli shakllarining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan asosiy omillar haqida so‘z yuritar ekan, Senat Raisi T. Narbayeva mamlakatimizda qishloq joylarida tadbirkorlik va fermerlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga, xususan paxta klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yilganligiga e’tibor qaratdi. 2030-yilgacha mo‘ljallangan Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasida agrar tarmoqda bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich va to‘liq joriy etish ko‘zda tutilganligini aytib o‘tildi. Bu esa majburiy mehnatning turli shakllari paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan sharoitlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Shuningdek, majburiy mehnatga barham berish va uning oldini olish O‘zbekiston davlati ustuvor yo‘nalishlaridan biri va bu yo‘nalishda barcha tegishli choralar ko‘rilayotganligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar majburiy mehnatning oldini olishda yanada salmoqli natijalarga erishish uchun muloqotni faollashtirish va barcha manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirishdi.