O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Klasterlar faoliyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

2020-02-04 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-fevral kuni qishloq xo‘jaligida klasterlar faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatimizda agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, klaster usuli yo‘lga qo‘yildi, ekin turlari zamon talabidan kelib chiqib o‘zgartirildi. Natijada hosildorlik ham, daromad ham oshmoqda. Yurtimizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda.
 
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 23-oktabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilindi. Unga muvofiq, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida meva-sabzavot klasterlari tashkil etilmoqda. 2019-yil 11-dekabrda bu borada Prezident qarori qabul qilinib, barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratib berildi. O‘tgan qisqa vaqtda hokimliklar tomonidan 86 ta shunday klaster tashkil etish bo‘yicha takliflar shakllantirildi.
 
Yig‘ilishda mazkur klasterlarning rejadagi quvvatlari, investisiya miqdori va eksport hajmi bo‘yicha ma'lumot berildi.
 
Qayd etilganidek, klasterlar tomonidan qayta ishlash, saqlash va quritish bo‘yicha 430 ming tonna qo‘shimcha quvvatlarni ishga tushirish yuzasidan 96 ta loyiha rejalashtirilgan. Shuningdek, 6 ming gektarda intensiv bog‘ va 8 ming gektarga yaqin maydonda uzumzor barpo qilish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan. Joriy yilda 410 million dollarlik mahsulotlar eksporti mo‘ljallangan.
 
Prezidentimiz Qishloq xo‘jaligi vazirligiga klasterlar faoliyatini tashkil qilish, xorijiy ekspertlar xulosasi asosida ekinlarni samarali joylashtirish, zarur urug‘lik va ko‘chatlarni hozirdan tayyorlash, Moliya vazirligiga klasterlarni aylanma mablag‘lar bilan ta'minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
 
“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi klasterlarga yangi bozorlar topish va eksport qilishda doimiy ravishda amaliy yordam berib borishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
 
Yig‘ilishda paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, paxta va g‘alla yetishtirishda davlat rejasini bosqichma-bosqich bekor qilish masalalari ham muhokama qilindi.
 
Davlatimiz rahbari bu haqda joriy yil 24-yanvardagi Murojaatnomasida aytgan edi. “Paxta va g‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tamiz. Agar bu yo‘ldan bormasak, fermer va dehqonlarimiz mahsulot yetishtirishda erkin bo‘lmaydi, ular o‘zlari kutganlaridek manfaat ko‘rmaydi, hokimlarning esa ish uslubi o‘zgarmaydi”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
 
 
Bu – sohada davlat aralashuvini keskin kamaytirish bilan birga hokimlarning reja ortidan quvish va majburiy mehnatga jalb qilish amaliyotiga butunlay chek qo‘yadi.
 
Bozor tamoyillariga o‘tishda klaster tizimi muhim omildir.  Bugungacha mamlakatimizda 73 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etilgan, o‘tgan yilgi paxta hosilining 73 foizi ularning hissasiga to‘g‘ri kelgan. O‘rtacha hosildorlik klaster bo‘lmagan yerlarga nisbatan 4,1 sentnerga yuqori bo‘lib, qo‘shimcha 428 ming tonna paxta olingan.
 
Yig‘ilishda klasterlarning huquqiy maqomini belgilash, ularni tanlash, fermerlar bilan munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishning ochiq-oshkora mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
 
27 ta klasterga paxta yetishtirish uchun ularning quvvatiga nisbatan ko‘p yer maydoni ajratilgani, 500 ming tonna tolani ishlab chiqarish quvvatiga ega ayrim klasterlarga esa yetarli miqdorda yer berilmagani keskin tanqidga sabab bo‘ldi.
 
Prezidentimiz klasterlarni tanlashda chuqur qayta ishlash darajasi va investisiyalar hajmi, fermerlar bilan hisob-kitob qilishda mablag‘ning yetarliligi asosiy mezonlar bo‘lishi zarurligini ta'kidladi.
 
Klaster tashkil etilmagan paxta maydonlarida fermerlar ishtirokida kooperatsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bunda o‘sha hududlardagi paxta tozalash zavodlari fermerlarga kooperatsiya tashkil etish uchun beriladi, qo‘shilgan qiymatdan tushgan daromad kooperatsiya a'zolari – fermerlar o‘rtasida taqsimlanadi.
 
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Adliya vazirligiga klasterlar va fermerlarning majburiyatlarini aniq belgilab, ularning faoliyatini tartibga solish mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
 
Paxta yetishtirishni moliyalashtirishning amaldagi tizimi klasterlar bilan ishlashga moslashmagani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois klasterlar va fermerlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
 
Paxta va g‘alla bo‘yicha davlat rejasini bekor qilish, ekinlarni majburiy joylashtirish tartibidan 2023 yilgacha bosqichma-bosqich voz kechish bo‘yicha joriy va kelgusi yilda amalga oshiriladigan tadbirlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
 
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Поделиться