O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida AXBOROT

2020-02-04 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Kengash a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi nutqida hamda Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturini hamda Senatining 2020-yilning birinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasini muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakatimizni rivojlantirishning strategik yo‘li, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishning dasturil amalidir. Murojaatnomada O‘zbekiston uchun demokratik islohotlar yakkayu-yagona va eng to‘g‘ri yo‘l ekanligi dalillar bilan ko‘rsatib berildi.

Mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida Senat zimmasiga mas’uliyatli vazifalar yuklandi. Harakatlar dasturida ushbu vazifalarni so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar belgilandi.

Avvalambor, Senatning qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil  faoliyatini, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti samarali ijrosini nazorat qilish tizimini takomillashtirish nazarda tutilgan.

Vazirliklar, idoralar hamda hududlar rahbarlarining qonunlar, davlat va hududiy dasturlar ijrosi, shuningdek joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yechimi yuzasidan hisobot va axborotlarini muntazam muhokama qilib borish rejalashtirilgan.

“Jamiyat - islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oya mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda Oliy Majlis Senati hududiy vakillik palatasi sifatida xalq bilan muloqot va jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratadi. Bu borada  aholini qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali tizimini yaratish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, xotin-qizlarni, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarni manzilli qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligiga ko‘maklashish, gender tenglikni ta’minlashga oid vazifalar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish choralari belgilangan.

Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar faoliyatini tubdan takomillashtirish, Senatning ular bilan hamkorligini kuchaytirish, Kengashlarga amaliy va uslubiy ko‘maklashish chora-tadbirlari belgilangan. Hududlardagi oliy ta’lim muassalarining professor o‘qituvchilari bilan birgalikda mahalliy Kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, jumladan hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan o‘qishlar tashkillashtirish bo‘yicha Samarqand tajribasini joriy etish ham Senat ish rejasida o‘z aksini topgan.

Shu bilan birga, Oliy Majlis Senatida doimiy asosda ishlovchi senatorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mahalliy Kengashlarga, shuningdek  joylardagi Senat a’zolari tegishli tuman va shahar Kengashlariga mas’ul etib biriktirildi.

Shuningdek, korruptsiyaga qarshi kurashishda Senatning rolini kuchaytirish, mas’ul davlat organlarining huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyati ustidan ta’sirchan parlament nazoratini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor beriladi.

Mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan munosabatlarini rivojlantirish, xalqaro aloqalarini mustahkamlash va xorijiy investitsiyalarni jalb etishda Senatning rolini yanada kuchaytirish hamda parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish parlament yuqori palatasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

So‘zga chiqqan Senatning qo‘mita raislari muhokama etilgan masalalar yuzasidan o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi.

Kengash Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Majlisda Senat Kengashining vakolatlariga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Поделиться