O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Germaniya va Avstriyaning kompaniyalari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
2020-02-04 | Iqtisodiyot
Toshkent shahrida Germaniya va Avstriyaning yirik kompaniyalari delegatsiyasi bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davlat tuzilmalari, tarmoq idoralari va sanoat birlashmalari vakillari ishtirok etgan ushbu tadbir, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzishni nazarda tutgan holda, Yevropaning salohiyatli sheriklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov so‘zga chiqib, O‘zbekiston iqtisodiyotning shaffofligini oshirishga yo‘naltirilgan yangi islohotlar yo‘lida tizimli va bilan borayotganini va global iqtisodiy makonga integratsiyalashuvini davom ettirishga tayyorligini ta’kidlab o‘tib, Yevropa kompaniyalarini O‘zbekistonda biznes yuritish uchun noyob imkoniyatlardan foydalanishga taklif qildi hamda tegishli masalalarni hal qilishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.
O‘z navbatida, Yevropa kompaniyalarining rahbarlari va vakillari O‘zbekistondagi faoliyat rejalarini taqdimot shaklida bayon qilib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va tarmoqlarini hamda qo‘shma loyihalar doirasida o‘zaro manfaatli sheriklik mexanizmlarini bildirib o‘tdilar.
Davra suhbatidan so‘ng G2B formatidagi sessiya bo‘lib o‘tib, unda Yevropa kompaniyalari vakillari va ularning salohiyatli sheriklari kelgusidagi hamkorlik bilan bog‘liq ayrim masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.