Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining “C5+1” shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Uchrashuvda Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo ishtirok etmoqda.
A.Komilov mehmonlarni qutlar ekan, Markaziy Osiyo va AQSh hamkorligiga bag‘ishlangan muhim tadbirda ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurgani uchun ularga minnatdorlik bildirdi.
- 2015-yili Samarqandda asos solingan mazkur formatdagi uchrashuv nisbatan qisqa vaqtda o‘ta muhim, o‘z vaqtida tashkil etilgan, o‘zaro manfaatli mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kengaytirishning samarali mexanizmiga aylangan tuzilma sifatida namoyon bo‘ldi, - dedi A.Komilov. - Bugungi kunga kelib “S5+1” shaklidagi yuqori darajali muloqotlar muntazamlik kasb etdi. Bu so‘nggi 5 oy ichida ayni formatdagi uchinchi uchrashuvimiz.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh hamkorligini rivojlantirishning dolzarb masalalarini o‘z ichiga olgan bir qator muhim masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
G‘ayrat XONNAZAROV, Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA