O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Diabetga qarshi vosita yaratildi
2020-02-03 | Sog‘liqni saqlash
Qandli diabet - insulin gormonining to‘liq yoki qisman yetishmovchiligi natijasida giperglikemiya - qondagi glyukoza miqdorining davomli ortib borishi bilan kechuvchi, organizmdagi moddalar almashinuv jarayonlari (uglevod, yog‘, oqsil, mineral va suv-tuz almashinuvi)ning buzilishi va qaytmas organik patologiyalar keltirib chiqaruvchi surunkali kasallik sifatida tavsiflanadi.
Bunday patologik holatning birinchi taʼriflari kasallikning eng ko‘zga ko‘ringan klinik belgilari - peshob orqali ko‘p suyuqlik yo‘qotish (poliuriya) va qondirib bo‘lmaydigan tashnalik (polidipsiya) bilan berilgan.
Qandli diabet rivojlanishida quyidagi asosiy omillar hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Birinchi omil qandli diabet kasalligiga nisbatan irsiy moyillik bo‘lib, ota-onalarning har ikkalasining qandli diabet bilan kasal bo‘lishi, tug‘ilgan bolalarda 65-70% hollarda qand kasalligi rivojlanishida sabab bo‘ladi.
Ikkinchi omil tana vaznining oshib ketishi - semirish bo‘lib, bu omil katta yoshdagi odamlarda qandli diabetni keltirib chiqaradi.
Natijada qand almashinuvi izdan chiqadi. Insulin yetishmasligi sababli organizmda ehtiyoj uchun foydalanilmayotgan yoki o‘zlashtirilmayotgan ortiqcha qand eng avvalo qonda to‘planadi. Qondagi qand miqdori ortadi va o‘zining meʼyoriy chegarasidan chiqadi hamda peshob orqali chiqarila boshlaydi. Qonda qancha qand to‘plansa uni chiqarib tashlash uchun shuncha ko‘p suv ichish va shuningdek, ko‘p peshob chiqarish talab qilinadi. Shu tariqa qandli diabetning asosiy belgilari ko‘p suv ichish (chanqash)va ko‘p peshob haydash kabi belgilarda bilinadi.
Diabetga qarshi vositani ahamiyati shundaki, u qondagi qand miqdorini pasaytirib, peshob haydash xususiyatiga ega.
Diabetga qarshi vosita o‘zi bilan o‘simlik ekstraktini ifodalaydi, faol komponent sifatida uning tarkibiga polifenol birikmasi kiradi va shu bilan farqlanadiki, o‘simlik ekstarkti katta bargizub Plantago major L. o‘simligining yerusti qismini 70% li suvli atsetonda besh marta ekstraktsiya qilib olingan, va o‘simlik ekstraktining tarkibiga polifenol birikmalari kiradi.
Bunda ularning o‘zaro nisbatlari quyidagicha, mas.%: geksagidroksidifenoil-1-(O-2-O-galloil-β-D glyukopiranozida)-1-(O-β-D -ksilopiranozid) diyefiri - 27,9; geksagidroksidifenoil-1-(O-β-D-glyukopiranozido)-2-(O-4-O-galloil-β-D-glyukopiranozid) diyefiri - 30,1; kvertsetin-3-O-(2", 6"di-O-galloil-3"-O-n-kumaroil)-β-D- glyukopiranozid - 25,4; kempferol-3 -O-(2", 3"-di-O-galloil-6"-O-kumaroil- β-D-glyukopiranozid - 16,6.
Ixtiro uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademik O.S.Sodiqov nomidagi Bioorganik kimyo institutiga “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga ko‘ra IAP 06027 raqamli patent berildi.