O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MTVda IV Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy forumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
2020-02-03 | Ta’lim
Maktabgacha ta’lim vazirligida YuNESKO vakillari bilan Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish siyosatiga doir masalalar bo‘yicha IV Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy forumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv O‘zbekistonda Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish siyosatiga doir masalalar bo‘yicha IV Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy forumini tashkil etishda samarali hamkorlikni boshlab berdi.
Unda Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin mehmonlarni maktabgacha ta’lim sohasida yangi vazirlik tashkil etilgandan buyon so‘nggi ikki yilda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirdi. Shuningdek, u maktabgacha ta’lim sohasidagi keng qamrovli yirik forumni o‘tkazish uchun aynan O‘zbekistonning tanlanishi mamlakatimiz imidji uchun katta sharaf ekanini qayd etdi.
Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish siyosatiga doir masalalar bo‘yicha IV Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy forumida 48 mamlakat vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Har bir delegatsiya siyosiy arboblar, jamoatchilik faollari va g‘oyalar yetakchilarini spiker sifatida taqdim etishlari kutilmoqda. Xonim Maki Xayashikava Malayziya tomonidan mamlakat birinchi xonimi ishtirok etishi kutilayotganini ta’kidladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO), BMT Bolalar fondi (YuNISEF), Yosh bolalar masalalari bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy tarmog‘i (ARNEC) forum tashkilotchilaridir.
Forum maqsadlaridan biri — Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari siyosatchilari uchun maxsus maydon tashkil etish bo‘lib, unda siyosatchilar, ham bolalar nuqtainazaridan, ham maktabgacha ta’lim tashkilotlari nuqtainazaridan o‘z bilimlari bilan o‘rtoqlashishlari hamda kichik yoshdagi bolalarning «ta’lim olishga tayyorligi»ni oshirish uchun ilmiy-tadqiqot o‘tkazish, hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish, ilg‘or tajribani tarqatish, sohani rivojlantirish siyosatini ishlab chiqish va salohiyatini oshirish strategiyasini muhokama qilishadi.
Xonim Maki Xayashikava forumni o‘tkazish umumiy kontseptsiyasi va kelgusi ishlarning sermahsul muhokamasidan so‘ng, YuNESKOning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish siyosatiga doir masalalar bo‘yicha maqsadlari, Maktabgacha ta’lim vazirligining o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalari bilan butkul mos kelishidan mamnun ekanini ta’kidladi.
Tomonlar, uchrashuv nihoyasiga ko‘ra, bo‘lajak forumni tashkil etish masalalariga doir har qanday masala bo‘yicha hamkorlik qilishga va qo‘llab-quvvatlashga kelishib olishdi. Maktabgacha ta’lim vazirligida YuNESKO vakillari bilan samarali va sermahsul ishlash uchun soha mutaxassislaridan iborat tashkiliy qo‘mita tashkil etiladi.
Qayd etish zarurki, hozirda, O‘zbekiston va YuNESKO o‘rtasida ko‘prejali va ta’sirchan hamkorlik hayotga tatbiq etilmoqda. Xususan, 2018 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning Parijdagi YuNESKO bosh qarorgohiga tashrifi chog‘ida imzolangan «Mamlakat bo‘yicha dastur»ga binoan, ta’lim, madaniyat, fan va AKTni rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ahamiyatli loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur, YuNESKO tashkilotga a’zo davlat bilan imzolagan ilk hujjat bo‘ldi.