O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Umumta’lim maktablarida 5 tashabbus” festivalida g‘olib bo‘lgan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari maktablari taqdirlandi
2020-02-03 | Ta’lim
Joriy yilning 31 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi 85-sonli maktabda “Umumta’lim maktablarida 5 tashabbus” festivalida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktab jamoalari taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari, viloyat va tuman(shahar) hokimi o‘rinbosarlari hamda O‘zbekiston xalq baxshisi Qaxxor baxshi ishtirok etdi.
Dastlab vazir o‘rinbosari va tashrif buyurgan mutasaddilar maktabda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida olib borilayotgan ishlar, o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
So‘ngra festivalda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 22 ta umumta’lim maktabi jamoalarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Festivalning g‘olib va sovrindorlari raqamli fortopiano, ovoz kuchaytirgich kolonkasi bilan, musiqa asboblari, sport ekiprovka (mashg‘ulot formasi, nakidka), futbol, voleybol, basketbol to‘plari, gimnastika mati, kompyuter, printer (rangli), proyektor, robototexnika to‘plami, noutbuk, kompyuter, printer (3+1), kitoblar to‘plami, tikuv mashinasi, oshxona kombayni, elektr pech, sartaroshlik jihozlari, dazmol va dazmollash doskasi bilan taqdirlandi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktab jamoalari orasidan Dehqonobod tumani 85-sonli umumta’lim maktabi chekka hududda joylashgan bo‘lishiga qaramay Respublika bo‘yicha sanoqli maktablar qatorida 5 ta yo‘nalishda mutlaq g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumaning eng chekka qishlog‘ida joylashgan 67-sonli umumta’lim maktabi esa sport va kitobxonlik yo‘nalishlarida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchi-yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot-texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishni oshirish, o‘quvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish maqsadida www.facebook.com ijtimoiy tarmog‘ida 5tashabbus_maktabda guruhi tashkil etilib, joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida umumta’lim maktablari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar bo‘yicha videorolik tayyorlash orqali festival o‘tkazilgan edi.
Ushbu festivalda umumta’lim maktablari tomonidan tayyorlangan videoroliklar www.facebook.com ijtimoiy tarmog‘ida ochilgan 5tashabbus_maktabda guruhiga joylashtirildi va guruhda eng ko‘p layk olgan va ko‘p ulashilgan videoroliklar saralanib olinib, ishchi guruhi tomonidan Nizom talablariga ko‘ra 10 ta mezon bo‘yicha baholandi.
Ushbu guruhida jami 6 165 ta videoroliklar joylashtirildi hamda videoroliklarga jamoatchilik tomonidan 10 221 ta izoh qoldirilgan, 96 215 ta munosabat (layk bosilgan) bildirilgan.
Natijalariga ko‘ra 5 ta yo‘nalish bo‘yicha har bir hududdan 5 ta birinchi, 5 ta ikkinchi va 5 ta uchinchi o‘rinlar jami 210 ta videoroliklar g‘olib va sovrindor sifatida aniqlandi.