O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Transport va yo‘l qurilishi sohasida Jahon banki bilan hamkorlik bo‘yicha investitsiya ishlari faollashtirildi
2020-01-31 | Iqtisodiyot
30 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida Jahon banki tomonidan jalb qilingan « Pricewaterhouse Coopers » ва «Ove Arup & Partners» (Buyuk Britaniya) kompaniyalari tomonidan tayyorlangan “Toshkent – Andijon avtomobil yo‘lini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish” loyihasi kontseptsiyasining muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Muhokamalarda Transport vazirligi rahbariyati va mutaxassislari, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi huzuridaga avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, avtomobil yo‘llarini loyihalash tashkilotlari shuningdek, Jahon banki guruhi, «Pricewaterhouse Coopers», «Ove Arup & Partners» kompaniyasi va Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 dekabrda qabul qilingan “Yo‘l sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4545-son qarori bilan davlat xususiy sherikchilik shartlari asosida avtomobil yo‘llarini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlangan. Ushbu “yo‘l xaritasi” ga binoan Transport vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat xususiy sheriklik asosida “Toshkent-Andijon avtomobil yo‘lini qurish” loyihasini amalga oshirishi kutilmoqda.
Loyiha kontseptsiyasining bugungi muhokamasi natijalariga ko‘ra tomonlar “Qamchiq dovonida yangi tonnel qurilishi” loyihasini iqtisodiy va moliyaviy jihatdan qoplash nuqtai nazaridan tezlashtirishga kelishib oldilar.
Bugungi kunda mamlakatimizda Jahon Banki ishtirokida umumiy qiymati 1 703 mln.dollar bo‘lgan loyihalar amalga oshirilmoqda, jumladan Jahon bankining 360 million dollarlik kreditini jalb qilish orqali. Bu esa o‘z navbatida xalqaro moliya institutlari ishtirokida transport sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga oid munosabatlarning ijobiy dinamikasini namoyish etadi.