O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Inom Madjidov: oliy ta’limda sifatni ta’minlash - eng muhim vazifa
2020-01-31 | Ta’lim
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatidan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlangan Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi Tashkent City xalqaro biznes markazidagi Kongress xollda bo‘lib o‘tdi.
Prezident murojaatida oliy ta’lim tizimi oldiga ham xalqimiz va jamiyatimiz kutayotgan masalalardan kelib chiqib, aniq vazifalar belgilab berildi. Ularni tizimlashtirib, o‘z oldimizga quyidagi asosiy yo‘nalishlarni belgilab oldik:
- qamrovni oshirish;
- ta’lim standartlarini takomillashtirish;
- ta’lim sifatini ta’minlash;
- OTMlarning ilmiy salohiyatini oshirish.
Murojaatnomada Prezidentimiz davlat granti asosida qabul qilishni ikki barobar oshirish vazifasini qo‘ydilar. Bu ham O‘zbekistonda jamiyat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlashda davlat asosiy investor ekanini ko‘rsatmoqda.
Biz bu vazifani bajarish uchun ishlarni boshlab yubordik. Avvalo, davlat granti asosida qabul ko‘rsatkichlari oshiriladigan ta’lim yo‘nalishlari aniqlanadi. So‘ngra mehnat bozoridagi talab va taklif inobatga olinadi. Qolaversa, hamkor vazirlik va idoralar bilan birgalikda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollari o‘rganiladi.
Murojaatnomada oliy ta’lim tizimidagi yana bir muhim masala - ta’lim sifatini oshirish vazifasi qo‘yildi. Oliy ta’limni zamonaviy shaklda tashkil etish, ilg‘or tajribalarni joriy qilish yo‘lidagi ishlar tizimli ravishda davom etyapti va biz uni yanada kuchaytiramiz.
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab pedagogik sohadagi oltita bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish muddati uch yil etib belgilanadi. Bular: musiqa ta’limi, jismoniy madaniyat, texnologik ta’lim, chaqiriqqacha harbiy ta’lim, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi hamda maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport. Hozirda bu masalada mutaxassislar tomonidan ishlar boshlab yuborildi.
Oliy ta’lim muassasalariga ishga qabul qilishda, nomzodlarga quyiladigan talablar kuchaytiriladi, professor-o‘qituvchilarni tanlab olish mexanizmlari takomillashtirilib, yosh kadrlarga imkoniyatlar beriladi. Yoshlarga ilmiy ish qilish imkoniyatlari kengaytirilib, zarurat bo‘lganda xorijda tajriba orttirib kelishi qamrovi oshirib boriladi.
2019 yilda 2 000dan ortiq o‘qituvchi «El-yurt umidi» jamg‘armasi, grantlar hamda OTMlarning o‘z hamkorlari bilan kelishuvlar doirasida stajirovka o‘tagan, malaka oshirib kelgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 3 000gacha ko‘paytirish rejamiz bor.
utaxassislikka aloqador bo‘lmagan fanlar ikki baravar kamaytiriladi. Ta’lim mazmuniga standart asos hisoblanadi, tashqi tazyiq emas. Avvalo, o‘quv standartlari va dasturlarini tuzishga yondashuvni o‘zgartiramiz.
Dunyo tajribasida bor - kadrlar tayyorlashda ish beruvchi talabi asosiy omil sanaladi. Ya’ni, kompetentsiya masalasi. Tayyorlanadigan kadr nimani bilishi kerak? Ish beruvchi undan nimani kutyapti? Ana shu kompetentsiyalar shakllantirilishi kerak. Bunga kim buyurtma berishi kerak? - Ish beruvchi.
Ikkinchidan, kadrda o‘sha kompetentsiyani shakllantirish uchun unga nimani, qaysi fanlarni o‘qitish kerak? Buni vazirlik emas, oliy ta’lim muassasalari amalga oshiradi. Bir xil yo‘nalishdagi OTMlar bitta metodik birlashmaga birlashib, mana bu fanlar bilan shu kompetentsiyani beramiz, deya qaror qilishadi. Demak, o‘quv dasturini tuzishda ikki tomon - ish beruvchi va OTM ishtirok etishi kerak.
Uchinchi tomon - vazirlik. Vazirlik yagona ta’lim-tarbiya siyosatini yurgizish nuqtayi nazaridan o‘z talablarini qo‘yadi. Bunda tayyorlangan kadrning dunyoqarashi keng, madaniy saviyasi yuqori bo‘lishi kerakligi va hokazolardan kelib chiqiladi.
Eng muhimi - mana shu uchta tomondan boshqa hech kim aralashishi keragi yo‘q. Hech qanaqangi hujjatlar bilan mana bu fan kiritilsin, degan tazyiq bo‘lmasligi kerak.
Oliy ta’lim muassasalariga kirgan talabalarning ota-onalari farzandlarining yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishishini xohlashadi. Aksariyat talabalarning ham niyati xuddi shunday. Ammo talabalarning hammasida ham salohiyat bir xil emas. To‘rt yil davomida ularning o‘qishga munosabati qanday o‘zgarishi oliy ta’lim muassasasidagi muhitga bog‘liq. Shuning uchun biz oliy ta’lim muassasalaridagi muhit va sifat ko‘rsatkichlarini shu darajada oshirishimiz kerakki, talaba asosiy maqsadidan chetlashishi maqsadga muvofiq emasligini o‘zi his qilsin. Meni vazir sifatida qiynayotgan va doimo qiynaydigan masala ham aslida shu. Buni amalga oshirish uchun vaqt va sohada tizimli metodologik ishlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi. Agar ta’lim sifati yaxshi bo‘lsa, talabaning o‘z oldinga qo‘ygan maqsadi o‘zgarmaydi. Ya’ni, o‘qishga qanday maqsadda kirgan bo‘lsa, to‘rt yil mobaynida uning maqsadi o‘zgarmaydi.