O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yurtimizda eʼtiqod erkinligi kafolatlanmoqda

2020-01-31 | Jamiyat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida “Eʼtiqod erkinligi kafolati – ochiq fuqarolik jamiyatining muhim asosi” mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda tegishli vazirlik, idoralar, jamoat tashkilotlari va diniy konfessiyalar aʼzolari, ekspertlar, mamlakatimizda roʻyxatdan oʻtgan diplomatik korpus vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Davra suhbatida konfessiyalar va millatlararo totuvlikni taʼminlash, din sohasiga oid qonunchilikni liberallashtirish, diniy erkinlik va inson huquqlarini xalqaro meʼyorlar asosida taʼminlash hamda xalqaro munosabatlar, jumladan, diniy sohada Oʻzbekiston – AQSH hamkorligi kabi dolzarb mavzularda fikrlar bildirildi.

Ishtirokchilar soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda din sohasida ham yangicha yondashuv va tamoyillarni oʻzida aks ettirgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilganini taʼkidladi. Yangilanishlar eʼtiqod erkinligiga oid konstitutsion huquqlarni amalga oshirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratdi. Masalan, diniy tashkilotni roʻyxatga olishda olinadigan davlat boji miqdori besh baravar kamaytirildi, hisobot taqdim etish davriyligi qisqartirildi, yaʼni endilikda avvalgidek har chorakda emas, balki yiliga bir marta hisobot topshiriladi.

Diniy tashkilotlar faoliyati erkinligining huquqiy kafolati sezilarli darajada kuchaytirildi. Xususan, diniy tashkilot faoliyatini tugatish boʻyicha qaror chiqarish vakolati roʻyxatga oluvchi organdan sudlarga oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, turli konfessiyalar vakillari uchun bir xil sharoitlar yaratilmoqda, vijdon erkinligi barcha uchun kafolatlanmoqda, davlatning dunyoviy xususiyati qoʻllab-quvvatlanmoqda. Sifatli diniy taʼlim olish imkoniyatlari kengaydi.

Toshkent islom universiteti negizida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Akademiya tuzilmasi tarkibida Diniy tashkilotlar xizmatchilari malakasini oshirish markazi tashkil etildi. Islom oʻquv yurtlariga oʻquvchilar uchun qabul kvotalari ikki baravar oshirildi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida maxsus sirtqi boʻlim ochildi.

Har tomonlama maʼqul, fundamental ilmiy tadqiqotlarga asoslangan diniy siyosat yuritish maqsadida madaniy-sivilizatsiya merosi va islomning diniy-falsafiy ahamiyatini chuqur oʻrganish boʻyicha olib borilayotgan ishlar yangi bosqichga koʻtarildi. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi islomning asl insonparvarlik gʻoyalarini targʻib qilish yoʻlida muhim qadam boʻldi.

Yurtimizda Kalom, Hadis, Aqida, Islom huquqi, Tasavvuf singari ilmiy maktablar taʼsis etilgani yuqori malakali kadrlar tayyorlash, eng muhimi, yoshlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida tarbiyalash uchun mustahkam zamin yaratdi.

Davra suhbatida taʼkidlanganidek, yurtimizda jamiyat hamjihatligini taʼminlaydigan muhim omil sifatida konfessiyalararo muloqotni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzurida jamoatchilik-maslahat organi sifatida faoliyat olib boruvchi Konfessiyalar boʻyicha kengash tasdiqlangan. Unga Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan turli konfessiyalarga mansub barcha diniy tashkilotlar aʼzo hisoblanadi.

Mamlakatimizda ekstremistik guruhlarga aloqador deb hisoblangan 20 mingdan ziyod fuqaro maxsus hisobdan chiqarildi. Bunday roʻyxatlarni yuritish amaliyotidan butunlay voz kechildi. 2019-yil davomida ekstremizm uchun hukm qilingan 472 nafar shaxs avf etildi.

“Mehr” insoniylik missiyasiga muvofiq, Suriya va Iroq hududidan asosan ayollar va bolalardan iborat 220 nafardan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi yurtga qaytarildi. Ularning reabilitatsiyasi va jamiyatga ijtimoiy moslashuvi boʻyicha manzilli ish olib borilmoqda.

Bundan tashqari, 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan diniy ekstremizmga aloqadorlikda ayblanib hukm qilingan mahbuslar saqlangan, koʻp yillardan buyon xalqaro jamoatchilik tomonidan tanqidga uchrab kelayotgan “Jasliq” qamoqxonasi yopildi.

Eng muhimi, Oʻzbekistonda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni butun dunyo qoʻllab-quvvatlamoqda. 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh assambleyasi tomonidan Oʻzbekiston tashabbusi asosida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilinishi muhim voqelik sifatida baholandi. Mazkur rezolyutsiyani BMTga aʼzo barcha davlatlar bir ovozdan maʼqulladi. Shu yili AQSH Davlat departamenti Oʻzbekistonni mamlakatning diniy erkinlikni taʼminlash sohasida erishgan natijalarini eʼtirof etgan holda, “alohida tashvish tugʻdiruvchi mamlakatlar roʻyxati”dan chiqardi. Oʻzbekiston soʻnggi 20 yil ichida ushbu roʻyxatdan olib tashlangan ikkinchi davlat boʻldi.

Davra suhbati munozaralar koʻrinishida davom etib, yakunda ekspert va mutaxassislar OAV xodimlarining savollariga javob qaytardi.
 

Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA

Поделиться