Tennis bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari Denis Istomin, Humoyun Sultonov va Oqgul Omonmurodova AQSh va Tailandda o‘tkazilayotgan musobaqada munosib ishtirok etmoqda.
AQShning Nyuport shahrida tennis bo‘yicha “Chellenjer“ turkumiga kiruvchi turnirda mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi D.Istomin o‘z ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi davradan boshladi. Unda tennischimiz amerikalik Seku Bangurani 7:6, 6:4 hisobida mag‘lub etdi va uchinchi bosqichda mezbonlar vakili Frensis Tiafoga qarshi kortga chiqadigan bo‘ldi.
Tailandning Nontaburi shahrida tennis bo‘yicha “Fyuchers“ turkumiga kiruvchi musobaqaning ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida O.Omonmurodova chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Oqgul turnirning ilk davrasida yaponiyalik Erika Semani 6:3, 6:1, ikkinchi davrada xitoylik Yu Syaodini 7:6, 6:1 hisobida yengdi. Endi u yarim final yo‘llanmasi uchun o‘tadigan o‘yinda fransiyalik Xloya Pakega qarshi kortga chiqadi.
Mazkur musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi bahslashuvlarda H.Sultonov ikkinchi g‘alabasini nishonladi. Tennischimiz musobaqaning 1/8 final bosqichida ukrainalik Vladislav Orlovni har ikkala setda bir xil tay-brekda taslim qildi. Shu tariqa Humoyun yarim final yo‘llanmasi uchun o‘tadigan o‘yinda Xitoy Taypeyi vakili Chun Xsin Tseng bilan raqobatlashdi.
Javohir TOShXO‘JAEV, O‘zA