O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
SSPda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining parlamentga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan vazifalar muxokamasiga bag'ishlangan videoselektor o'tkazildi
2020-01-31 | Iqtisodiyot
Onlayn videoselektor formatida o'tkazilgan yig'ilish Savdo-sanoat palatasi rahbari Adxam Ikramov raisligida o'tkazilib, unda Ijroyi qo'mita a'zolari, SSP qoshidagi Xakamlik sudlari sud'yalari, Unitar korxona rahbarlari, viloyat hududiy boshqarma va respublikamizning barcha tuman va shaharlarda faoliyat yuritayotgan Tadbirkorlikka ko'maklashish markazi, Tadbirkorlik asoslariga o'qitish respublika markazi hamda “Hunarmand” uyushmasi xodimlari ishtirok etdi.
Yig'ilishda Palata raisi A.Ikramov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev parlamentga qilgan Murojaatnomasida iqtisodiyot sohasidagi vazifalarga alohida to'xtalgani va biznes muhitini yanada yaxshilash eng muhim masalalardan biri etib belgilab berganlarini ta'kidladi.
Shu bilan birgalikda, tadbirkorlikni jadal rivojlanishida muhim bo'lgan soha – litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartiblarini jiddiy o'zgartirish lozimligiga to'htalib, litsenziya va ruxsatnomalar berish asoslarini tubdan qayta ko'rib chiqib, ularning sonini kamida 2, bo'lmasa, 3 barobarga qisqartirish bo'yicha bir xafta muddatda aniq taklif kiritishlari yuzasidan boshqa idoralar qatorida Savdo-sanoat palatasiga ham vazifa berildi.
Korxonalarning moliya-xo'jalik faoliyatini tekshirish masalasi ham yig'ilish kun tartibidan o'rin oldi. Shu masalada Davlatimiz Rahbari tomonidan ilg'or tajribalar asosida, barcha darajadagi nazorat qiluvchi idoralarda yangi zamonaviy tizim joriy etilishi va shu orqali har bir korxona va tadbirkor bo'yicha alohida-alohida ishlab, ularning qonuniy faoliyat yuritishini ta'minlash, tekshirishni esa eng so'nggi favqulodda chora sifatida adolatli o'tkazish lozimligi asosiy masala etib belgilanganligiga to'xtalib o'tdi. Savdo-sanoat palatasi esa o'z navbatida, tadbirkorlar bilan keng muxokama qilgan holda, xalqaro tajriba asosida soliq tekshirishlarni o'tkazishning mutlaqo yangi tartibini ishlab chiqishida faol ishtirok etishi lozimligi aytildi.
Aholi daromadlarini oshirish orqali turmush tarzini yanada yaxshilash oldimizdagi eng muxim vazifalardan biri ekanligi ta'kidlab o'tildi. Shu maqsadda aholida tadbirkorlik ruhini uyg'otish, ularning biznes bilan shug'ullanish salohiyatini to'la ro'yobga chiqarish, yangi ish o'rinlari yaratish bo'yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirish, joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga oid tadbirkorlik tashabbuslarini, ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berish zarurligi ta'kidlandi.
Respublikamizning barcha tuman va shaharlarida aholida zamonaviy ishbilarmonlik va biznes ko'nikmalarini shakllantirish bo'yicha SSP qoshidagi Tadbirkorlik asoslariga o'kitish markaziga aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi bo'yicha vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, yig'ilishda, Palata oldida turgan vazifalarning amaliy ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan Palataning xududiy boshqarmalari rahbarlari tomonidan 3 kun muddatda taklif kiritishi yuzasidan topshiriqlar berilib, Murojaatnomada belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Palataning kelgusida amalga oshirishi lozim bo'lgan vazifalari aniq belgilab olindi.