O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Germaniya Federal tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2020-01-30 | Siyosat
2020-yilning 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Berlin shahrida Germaniya Federativ Respublikasi Federal tashqi ishlar vaziri Hayko Maas bilan uchrashdi.
Germaniya poytaxtida 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan va “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusiga bag‘ishlangan xalqaro konferentsiya natijalari yuqori baholandi, ushbu tashabbus Yevropaning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasining muhim tarkibiy qismiga aylanishi ko‘zda tutilgan. Mazkur tashabbusning qo‘shma kun tartibini amaliy tadbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarining istiqbollari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, 2019-yilda oliy darajadagi tashriflar almashinuvi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini tasdiqladi.
Ikki tomonlama hamkorlikni siyosiy, savdo va sarmoyaviy sohalarda faollashtirish masalalari bilan bir qatorda madaniyat, ta’lim va fan sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Afg‘oniston masalasi va turli shakllar doirasida bu yo‘nalishdagi ikki mamlakatning faol hamkorligi muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi.
Muzokarada turli darajadagi bo‘lajak uchrashuvlar jadvali, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar muhokama qilindi.