Joriy yil 27-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining birinchi majlisi 20-24 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan respublika ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqealarga bag‘ishlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi va Parlament palatalarining majlislarida hamda 2020-yil mamlakatimizda Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e'lon qilingani munosabati bilan yangi shakllantirilgan Hukumat oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Yig‘ilish ishtirokchilariga Davlatimiz rahbarining Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasidagi topshiriqlarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni (“yo‘l xaritalari”ni) tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Majlisda Qonunchilik palatasi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va Senat bilan o‘zaro yaqin hamkorlikni ta'minlash, qonun loyihalarining sifatiga, deputatlar hamda Senat a'zolarining so‘roviga puxta javob tayyorlab o‘z vaqtida yuborish zarurligi alohida ta'kidlandi.
Yig‘ilishda Davlatimiz rahbarining Hukumat faoliyatiga doir tegishli qarori talablarini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar belgilab olindi.
“Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi. Hujjat yuzasidan bildirilgan takliflar asosida loyihani puxta qayta ishlash hamda Qonunchilik palatasiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Rayosat majlisida joriy yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning bir qator boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.