O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xitoyga tashrif buyurmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga
2020-01-30 | Jamiyat
O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bergan ma’lumotga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati ko‘rayotgan qat’iy choralarga qaramasdan koronavirusning yangi shakli (2019-nCoV) tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Virusni yuqtirganlar soni 6 mingdan ko‘proqni tashkil qilib, kasallikdan vafot etganlar soni esa 130 nafardan oshdi. Bundan tashqari kasalga chalinganlar qator boshqa davlatlarda ham aniqlandi.
O‘zbekistonning Xitoydagi Elchixonasi va Bosh konsulxonasi Uxan shahri va karantin joriy qilingan boshqa shaharlardagi hamyurtlarimiz bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi hamda markaziy va mahalliy hukumat idoralari bilan birgalikda yuzaga kelayotgan muammolar, shu qatorda maishiy masalalarni tezkorlik bilan hal qilmoqdalar.
Vatandoshlarimizning sog‘lig‘iga bo‘lgan ehtimoliy xavf-xatarlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston fuqarolariga Xitoyga xizmat, turistik va boshqa maqsadlarda tashrif buyurishdan tiyilib turishlari qat’iy tavsiya etiladi.
Yanvar oyida Uxan shahridan vatanga qaytib kelgan o‘zbekistonlik talabalar zudlik bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga +998909882330 (direktor o‘rinbosari B.Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F.Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog‘lanishlari zarur.
Tashqi ishlar vazirligi Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolariga zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatimizning Pekin shahridagi Elchixonasiga +86 135 1102-4242 (Bobur Yaxyayev), +86 139 1175-4476 (Shuxrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga +86 131 2255-5772 (Aziz Ulug‘bekov) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi.