O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholishunoslik sohasidagi BMT jamg‘armasining (YUNFPA) O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuv
2020-01-30 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yu Yu rahbarligidagi Aholishunoslik sohasidagi BMT jamg‘armasining (YUNFPA) O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi delegatsiyasi bilan uchrashdi.
YUNFPA vakolatxonasi rahbari Tanzila Narbayevani mamlakat parlamenti yuqori palatasining Raisi lavozimiga saylanganligi bilan chin dildan muborakbod etdi va uning keyingi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Uchrashuvda sog‘lom oilani shakllantirish, gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha masalalar muhokama etildi.
Yu.Yu. onalar va bolalar o‘limi darajasini kamaytirish hamda oila farovonligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston erishgan muvaffaqiyatlarni qayd etdi. Shuningdek xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, ularning davlat ishlarini boshqarishdagi rolini oshirish, gender tenglikni ta’minlash, yoshlar siyosatini va Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish borasida mamlakat erishgan yutuqlar ham ta’kidlandi.
2022-yilda O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tashkil etilishiga, shuningdek mamlakatda gender statistikasi joriy etilishiga YUNFPA vakolatxonasi rahbari ijobiy baho berdi. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” yangi qonunlar qabul qilingani, muhtoj ayollarni uy-joy, ish bilan ta’minlashga qaratilgan aniq sa’y-harakatlar, ularning bandligini ta’minlash uchun maqsadli kreditlar ajratilayotgani alohida diqqatga sazovor, - ta’kidladi Yu Yu. Bu masalalarda YUNFPAning O‘zbekiston hukumatiga ko‘maklashishga tayyor ekani bildirildi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan Gender strategiyani tayyorlash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, aholini ro‘yxatga olish, yoshlar parlamentini shakllantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish haqida kelishib oldi.