O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Savdo-sanoat palatasi Koreyaning "KOICA" agentligi bilan hamkorlikda Toshkentda “Start-up”lar uchun biznes-inkubatorlar tashkil qiladi
2020-01-29 | Iqtisodiyot
2020 yil 28 yanvar kuni Savdo-sanoat palatasi va Koreya Respublikasining xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) o‘rtasida qiymati 5,5 million AQSh dollari miqdorida bo‘lgan "O‘zbekistonda biznes inkubasiya tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish" loyihasini ishga tushirish to‘g‘risida bitim imzolandi.
Loyiha Koreyaning eng yaxshi tajribasini hisobga olgan holda, yangi ish boshlagan tadbirkorlarga o‘z biznes g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatish tizimini ishlab chiqishga qaratilgan.
Ushbu loyiha doirasida koreyalik mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, ular bilan keyingi 4 yil ichida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib boriladi:
- Toshkent shahrida yangi ishbilarmonlarga o‘zlarining biznes g‘oyalarini amalga oshirishda malakali mutaxassislardan amaliy yordam olishlari mumkin bo‘lgan namunali biznes-inkubatorni yaratish;
- boshlang‘ich tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda innovasion biznes ekotizimini rivojlantirish sohasidagi me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
- yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan tashkilotlarning (loyihalarning) institusional rivojlanishiga ko‘maklashish;
- Koreya Respublikasida o‘quv amaliyotini tashkil etish orqali yoshlar va innovasion biznesni rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi idora va tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish;
- o‘z biznesini tashkil etish va yuritish to‘g‘risidagi boshlang‘ich tadbirkorlar uchun barcha zarur ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan yaxlit axborot tizimini yaratish.
Bugungi kunda Koreya Respublikasi dunyo iqtisodiyotining innovatsion rivojlanish darajasini baholab, ko‘plab xalqaro reytinglarda etakchi o‘rinni egallab turibdi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning Koreya Respublikasiga (2017 yil 22-25 noyabr) davlat tashrifi chog‘ida KOICA koreys agentligi ko‘magida O‘zbekistonda Koreyaning yuksak tajribasini hisobga olgan holda, biznes inkubatsiya tizimini rivojlantirishga qaratilgan loyihani amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.