O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MDH Ijroiya qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari bilan uchrashuv to‘g‘risida
2020-01-29 | MDH
2020-yilning 28-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari Viktor Guminskiy bilan uchrashdi.
MDH Ijroqo‘mi departamentlarining direktorlari ishtirok etgan uchrashuvda Hamdo‘stlikda O‘zbekiston raisligi Konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha Tadbirlar rejasini sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun zarur aniq qadamlar muhokama qilindi.
MDH Ijroqo‘mi Raisining birinchi o‘rinbosari O‘zbekistonning MDH doirasidagi faoliyati sezilarli darajada jadallashganiga yuqori baho berdi va Doimiy vakillar kengashida raislik qiluvchi tomonning bu qadar yuqori darajadagi delegatsiyasi ishtiroki tashkilot tarixida ilk bor kuzatilayotganini qayd etdi. Bu Hamdo‘stlikni yanada rivojlantirishga O‘zbekiston rahbariyatining alohida e’tibor qaratayotganidan dalolat beradi.
Viktor Guminskiy O‘zbekiston raisligi Konsepsiyasining chuqur o‘ylanganligi va uni amalga oshirish bo‘yicha Tadbirlar rejasining xilma-xilligini ta’kidladi. Qayd etilganidek, MDHdagi hech bir mamlakat o‘z raisligi davomida bu qadar ko‘p tadbir o‘tkazmagan.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Hamdo‘stlikda 2020-yildagi raisligi rejasining barcha bandlari ijrosini muvofiqlashtirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar dasturi ishlab chiqildi.