O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Minsk shahrida O‘zbekiston-Belarus siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi
2020-01-28 | Siyosat
2020-yilning 27-yanvar kuni Minsk shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyalarga O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov va Belarus tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Andrey Yevdochenko rahbarlik qildi.
Muzokaralar chog‘ida o‘tgan yilda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar tahlil qilindi, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik doirasida ularni yanada rivojlantirish uchun rejalar belgilab olindi.
Siyosiy muloqotni chuqurlashtirish va o‘zaro manfaat kasb etadigan barcha sohalarda sherikchilikni faollashtirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy aloqalarning ijobiy dinamikasi qayd etildi. 2019-yilning yanvar-noyabr oylarida o‘zaro tovar aylanmasi 297 millon AQSh dollarini tashkil etdi. Shu nuqtayi nazardan hamkorlikni jadallashtirishga, jumladan ikki mamlakat iqtisodiy tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarga ko‘mak berish orqali munosabatlarni kengaytirishga ikki tomon ham tayyor ekanligi tasdiqlandi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar aloqalarni, jumladan turizm, ta’lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida hamkorlikni mustahkamlash istiqbollariga alohida urg‘u berildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning MDHdagi raisligi masalalari muhokama qilindi. Belarus tomoni O‘zbekiston Prezidenti qabul qilgan ushbu tarixiy qarorni olqishladi hamda O‘zbekiston raisligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
BMT doirasidagi munosabatlar masalalari to‘g‘risida gapirib, Belarus diplomatlari o‘zaro hamkorlik asosida O‘zbekistonning barcha tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
Maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini O‘zbekistonda o‘tkazish rejalashtirilgan.