O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazirning birinchi o‘rinbosari Toshkent shahri maktablarida ta’lim sifatini oshirish bo'yicha topshiriqlar berdi
2020-01-27 | Ta’lim
Al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari sohasidagi fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabida Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov raisligida amaliy-ko‘rgazmali yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda Toshkent shahar xalq ta’limi boshqarmasi, tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimlari, qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan 47 ta umumta’lim maktab rahbarlari, o‘quv-tarbiyaviy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Dastlab seminar ishtirokchilari Prezidentimiz tashabbusi bilan zamonaviy me’yorlar asosida barpo etilgan Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab faoliyati, u yerda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Ixtisoslashtirilgan maktab faoliyati bilan tanishish hamda mazkur maktab rahbari tomonidan qilingan taqdimot davomida ko‘plab ijobiy tajribalar o‘rganildi.
So‘ngra Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Umarov qo‘shimcha ajratilgan mablag‘lar hisobidan ta’mirlanayotgan maktablarda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha “Toshkent tajribasi”ni joriy etishda maktab direktorlarining shaxsiy javobgarligini oshirish, ta’lim mazmunini yaxshilash, o‘quv-jarayonlarini sifatli tashkil etish va umumta’lim maktablari bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish natijadorligini oshirish bo‘yicha taqdimot qildi. Shuningdek, Toshkent shahridagi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirlari, umumta’lim maktab rahbarlarining “Zamonaviy maktab” loyihasi, maktabga o‘quvchilar qamrovini oshirish hamda byudjetdan tashqari mablag‘ topish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha taqdimotlari tinglandi.
Yig‘ilish yakunida tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirlari, umumta’lim maktablari rahbarlari tomonidan qilingan taqdimotlarni tezkorlik bilan amaliyotga joriy etish yuzasidan topshiriqlar berildi.