O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Korrupsiyaga yoʻl qoʻygan avtomaktablarning litsenziyasi bekor qilinadi
2020-01-27 | Jamiyat
Joriy yilning 26-yanvar kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining katta majlislar zalida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi va Transport vazirligining mutasaddi xodimlari hamda hududda avtotransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan davlat va nodavlat taʼlim muassasalari rahbarlari va xodimlari ishtirokida majlis boʻlib oʻtdi.
Majlisni olib borgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari podpolkovnik A.Orinbayev oʻz nutqida Qoraqalpogʻiston Respublikasida avtotransport vositalari haydovchilari va piyodalarning yoʻl harakati qoidalariga rioya etmasligi, tezlikni meʼyoridan oshirishi va mast hollarda transport vositalarini boshqarishi oqibatida sodir etilgan jinoyatlar, avariya holatlari toʻgʻrisida aytib oʻtdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik P.Madenov taʼlim muassasalarida dars mashgʻulotlari tekshirilganligi, ayrim taʼlim muassasalarda davomat past va bitirgan tinglovchilarning imtihondan oʻtish foizi oʻrtacha koʻrsatgichdan past darajada kuzatilayotganligini aniq faktlarda koʻrsatib oʻtdi.
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlimi boshligʻi I.Qunnazarov Vazirlar Mahkamasining 408-son qarorining mazmun-mohiyati, qonun buzilishining qoʻpol holatlari aniqlanganda litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va bekor qilish toʻgʻrisida tushuntirib oʻtdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining inspeksiya xodimi Sh.Qudiyarov Qoraqalpogʻiston Respublikasida avtotransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida yuz berayotgan korrupsion holatlar toʻgʻrisida tanishtirdi va bunday holatlarning oldini olish va kelgusida yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi.
Majlis soʻngida savol-javoblar boʻlib oʻtdi va tadbirkorlar soʻzga chiqib, aytib oʻtilgan fikrlarni maʼqullab, oʻz fikr va mulohazalarini bildirdi.
Yakunda avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan choralar belgilab olindi.