O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ayol zotiga ehtiromdan ulkan kuch olmoqdamiz...

2020-01-25 | Jamiyat

Albatta, tarixiy jarayonlarga guvoh bo‘lish hamisha hayajonli kechadi, lekin unda ulkan mas'uliyatli vazifalarni olish undan-da hayajonli. Murojaatnoma jarayonida davlat rahbarining shijoatidan, ayol zotiga ehtiromidan kuch oldik, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Tahlilimcha, Prezidentimiz parlamentga murojaatida “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oyaning kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib borayotganini e'tirof etdilar. Bu xalqimiz ma'lum ma'noda o‘z kelajagini yaratishda o‘zi tashabbuskor bo‘ladi, deganidir. 
 
Men uzoq yillardan buyon islohotlarni ijrochisi va kuzatuvchisi sifatida ayta olamanki, biz allaqachon ilm-ma'rifatga kuchli e'tibor qaratish darajasiga kelib qolgandik. Prezidentimiz aytganlaridek, ilm-ma'rifatsiz kuchaygan iqtisodiyot emas, bizga ilm-ma'rifat bilan uyg‘un rivojlangan iqtisodiyot kerak. Shu bois ham 2020 yilimizni “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e'lon qilingani xalqimizni ham quvontirgani tabiiy. 
 
Yana bir quvonarli holat, murojaatda grant asosida oliy ta'lim olishda qizlar uchun esa alohida qo‘shimcha imtiyozlar yaratilishi, Xotin-qizlar qo‘mitasi bu borada nomzodlar tayyorlash tizimini yaratishi lozimligi haqida aytildi. To‘g‘risi, oliy ta'lim olishda yigitlarimiz uchun berilgan imkoniyatlarga havasimiz kelar edi. Qizlarimiz uchun Zulfiya mukofotidan boshqa oliy ta'limga imtiyoz beruvchi aynan vosita yo‘q. 
 
To‘g‘ri, o‘tgan yilgi statistik ma'lumotlarga ko‘ra, oliy ta'lim sohasida ham xotin-qizlar soni oshgan va talabalarning 40 foiz xotin-qizlar bo‘lgan, bu 2011 yildagi ko‘rsatkichdan 36 foizga ko‘p demakdir. Xotin-qizlarning savodxonlik darajasi esa 99,98 foizni, ya'ni dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini tashkil etadi. 
 
Shunga qaramay, ma'lumotlarga ko‘ra ayni vaqtda o‘rta ta'lim olgan xotin-qizlarning faqat 35 foizi ishlaydi, oliy ma'lumotli xotin-qizlarning esa 68 foizi ish bilan ta'minlangan. Shu bois bu tashabbus ayollar orasida ish bilan ta'minlanganlik darajasini oshirishda muhim omil bo‘lishi shubhasiz. 
 
 
Qizlar ta'limini qo‘llab-quvvatlash orqali biz xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishiga monelik qiladigan sabablardan biri “ayol uyida o‘tirsin, xotin kishi ro‘zg‘origa qarasin” qabilidagi aqidalarni parchalashga xizmat qiladi, deb o‘ylayman. 
 
Toki, bu kuchli tashabbus “Bir o‘g‘ilni yaxshi tarbiyalasangiz, bir insonni, bir qizni yaxshi tarbiyalasangiz, bir millatni yaxshi tarbiyalagan bo‘lasiz”, degan hayotiy haqiqatning yaqqol namoyishi bo‘ldi. 
 
Murojaatnomada to‘xtab o‘tilgan yana bir yo‘nalish – bu og‘ir sharoitli ayollarga yordam ko‘rsatish, xotin-qizlar bandligini ta'minlashdir. 
 
Prezidentimiz nutqlarida, bu yil xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar yangi pog‘onaga ko‘tarilishini e'tirof etdilar. 
 
2020 yilda 5,5 ming xotin-qizning kichik biznes loyihalariga 100 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit beriladi, buning uchun banklarga davlat byudjetidan resurs ajratiladi. Bundan tashqari, 1 ming 576 xotin-qizga yangi uy-joyga ega bo‘lishi uchun byudjet hisobidan boshlang‘ich badal to‘lab beriladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizni Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa o‘quv kurslarida o‘qitish tashkil etiladi. 
 
Ushbu imkoniyatlar Sirdaryo misolida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlar holatini tahlil qilish bo‘yicha boshlandi. Ayniqsa, qishloq ayollari ahvolini muntazam monitoring qilib borish, ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish choralari ko‘rib borilmoqda. 
 
Yana bir fikr, bilib-bilmay yoki ko‘p ham e'tibor bermay o‘tadigan holatlarimiz bor. Masalan, ayollar oilaviy ittifoqda sherik, ro‘zg‘orda ko‘pincha haq to‘lanmaydigan bekadir. Bolalar parvarishi, o‘zaro munosabatlarni sog‘lom ushlab turish, bolalarning sog‘lig‘i, ma'lumoti darajasi, moddiy farovonligini ayollarning mehnati belgilaydi. Shu ma'noda ayolga nisbatan jamiyatdagi yuksak ehtirom ruhini oilalarga ham ko‘chirmog‘imiz kerak. 
 
Xotin-qizlar qo‘mitasi muhtaram Prezidentimiz murojaatnomasidan kelib chiqqan holda, ayollar bandligini ta'minlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning siyosiy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokini yanada faollashtirish, ayniqsa yordamga muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlovchi nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga grantlar ajratish, ayollar masalalari yuzasidan parlament eshituvlarini tashkil etishga doir takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga va Senatiga kiritish kabi yo‘nalishlarda faoliyatini yanada kuchaytiradi. 
 
 
Elmira BOSITXONOVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Bosh vaziri o‘rinbosari,
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi,
senator

Поделиться