Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga navbatdagi Murojaatnomasi boshlandi.
Mamlakatimiz siyosiy hayotida yangilik bo‘lgan bunday tadbir ilk bor 2017-yil 22-dekabrda o‘tkazilgan edi. 2018-yilning 28-dekabrida esa ikkinchi Murojaatnoma taqdim etildi. Mazkur dasturiy ma'ruzalar chuqur mazmun va katta ahamiyatga egaligi, barcha sohalarga aloqadorligi bilan xalqimizda va hamkor mamlakatlarda katta qiziqish uyg‘otgandi.
Bu galgi Murojaatnomada ham o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar, joriy va kelgusi yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar, davlatimiz ichki va tashqi siyosati uchun asosiy vazifalar bayon etilib, dolzarb qonunchilik tashabbuslari ilgari surilishi kutilmoqda. Shuningdek, muayyan sohani rivojlantirishni belgilab beradigan yil nomi ham e'lon qilinishi ko‘zda tutilgan.
Tadbirda Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat, vazirlik va idoralar rahbarlari, turli soha vakillari ishtirok etmoqda.
Murojaatnomani to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir orqali joylardan millionlab yurtdoshlarimiz kuzatib bormoqda. Tadbir “O‘zbekiston 24”, “O‘zbekiston”, “Yoshlar” va “Mahalla” teleradiokanallari, “Madaniyat va ma'rifat”, “Toshkent”, “Dunyo bo‘ylab”, “O‘zbekiston tarixi”, “Oilaviy” telekanallari, shuningdek, hududiy va nodavlat telekanallar orqali jonli tarzda namoyish etilmoqda.
Murojaatnoma matni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida joylashtirib boriladi. Tadbir tafsilotlari davlatimiz rahbarining rasmiy sahifalarida onlayn yoritiladi.