O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda Gertsen nomidagi RDPU filiali ochiladi
2020-01-24 | Ta’lim
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkentda Gertsen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti filiali ish boshlaydi.
Bu borada shartnoma shu yilning 21-yanvar kuni Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari vakillari hamda Gertsen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti (RDPU) o‘rtasida imzolandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrepina Shin rahbarligidagi delegatsiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri o‘rinbosari U.Begimkulov va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti boshqarmasining xorijiy mamlakatlar bilan mintaqalararo va madaniy aloqalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i A.V.Vlasov ishtirok etdi.
O‘zbekistonda tashkil etiladigan filialda talabalar maktabgacha ta’lim, korrektsion pedagogika va psixologiya ta’lim yo‘nalishlarida tahsil oladi.
Filial bitiruvchilariga Gertsen nomidagi RDPUni tugatganligi to‘g‘risida diplom beriladi. Diplom O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi.