O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hozircha aholining koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyatdan xavotirlanishiga asos yo‘q. Bu borada barcha choralar ko‘rilgan
2020-01-24 | Sog‘liqni saqlash
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan koronavirus hamda gripp kasalliklariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda mutaxassislar tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi Uxan shahrida yuzaga kelgan koronavirusning yangi tipi epidemiyasi yuzasidan batafsil ma’lumot berilmoqda.
Joriy yil 23-yanvar tonggi holatidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda 600 dan ziyod holatda koronavirus kasalligi aniqlangan. Ushbu xastalikdan 17 nafar inson vafot etgan. Ushbu holat yuzasidan 22-yanvar kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda mutaxassislar xalqaro favqulodda holat e’lon qilishdan oldin avj olgan kasallik haqida ko‘proq ma’lumot olishlari kerakligi to‘g‘risida qarorga kelishgan. JSST rasmiylari uchrashuvni payshanba kuni, Xitoy hukumati taklifiga binoan Uxanga bir qator Osiyo mamlakatlaridan kelgan shifokorlardan ma’lumot olganidan so‘ng davom ettirishga qaror qilishgan.
JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus vahima ko‘tarishga hech qanday sabab yo‘qligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning Uxan shahrida samarali karantin bo‘yicha ko‘rayotgan juda qat’iy choralari epidemiyaning mamlakatda avj olishning oldini olishga hamda uning tarqalish ehtimolini kamaytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, Yevropa sog‘liqni saqlash idoralari ushbu virusning tarqalish xavfini “o‘rtacha” deb baholashmoqda. Shu bilan birga, JSST koronavirus xavfining oldini olish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini ham bergan.
Xitoyda koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyat murakkablashishi sababli mamlakatimizda qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, «Uzbekistan Airports» AJ hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari”AJ Tibbiy-sanitariya xizmati tomonidan davlat chegarasini, ayniqsa, Xitoyni kesib o‘tgan shaxslarning yuqori sifatli tibbiy monitoringini amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” hamda “O‘zbekiston havo yo‘llari” AJ tizimidagi faoliyat yuritayotgan xodimlari ishtirokida epidemik vaziyat va uning oldini olish yuzasidan seminarlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti intensiv terapiya bo‘limida koronavirusga gumon qilingan bemorlarni qabul qilish uchun maxsus boks tayyorlab qo‘yildi. Respublikadagi aeroport va temir vokzallari sanitariya karantin punktlarida ushbu kasallikka gumon qilingan bemor aniqlansa, uni darhol izolyatorga izolyatsiya qilish, koronavirusga laborator tahlilini o‘tkazish uchun namuna olish tartibi belgilab qo‘yilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan koronavirus infektsiyasining yangi turini yurtimiz hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Koronavirusning yangi turi (nCoV) qarshi olib boriladigan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni tashkil etish hamda amalga oshirish to‘g‘risidagi metodik uslubiy qo‘llanma ham tayyorlangan.
Anjumanda koronavirus kasalligining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan qat’iy nazoratga olingani, Xitoydagi koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyatdan yurtimiz aholisining xavotirlanishiga asos yo‘qligi ta’kidlandi.
Shuningdek, anjumanda, gripp va o‘tkir yuqumli respirator kasalliklarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bosh vrachlari tomonidan gripp va o‘tkir yuqumli respirator kasalliklarining oldini olish borasida izchil faoliyat olib borilmoqda. Yurtimizdagi barcha shifoxonalar yetarli darajada tibbiy-asbob uskunalar, dori-darmonlar hamda tibbiyot xodimlari bilan ta’minlangan. Ushbu jarayonda, ayniqsa, bolalarni gripp va o‘tkir yuqumli respirator kasalliklaridan himoyalashga jiddiy ahamiyat berilmoqda.
Birgina Toshkent shahri misolida oladigan bo‘lsak, 2020-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, beshta bolalar klinik shifoxonasi va 4-son shahar klinik shifoxonasidagi bolallar bo‘limi xizmat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda shahar shifoxonalaridagi mavjud 1267 ta o‘rin yuqori yuklama bilan ishlamoqda. Bunga sabab, qish kunlarida bolalar o‘rtasida mavsumiy o‘tkir respirator kasalliklarini vaqtinchalik ko‘payishi. Shuningdek, shu kunlarda Investitsiya dasturiga asosan poytaxtimizdagi 3-son bolalar shifoxonasida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu vaziyatni hisobga olgan holda so‘nggi uch kun ichida shahardagi boshqa tibbiyot muassasalarida qo‘shimcha 150 ta o‘rinlar tashkil etilgan.