O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Gazprombank» AJ, «Roseksimbank» AJ, EKSAR va O‘zbekiston Tiklanish va Taraqqiyot Jamg‘armasi vakillari GTL qurilish maydoniga tashrif buyurdilar
2020-01-24 | Iqtisodiyot
2020-yil 22-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi vakillari va loyihaning Rossiyalik kreditorlari delegatsiyasi O‘zbekistondagi GTL zavodining qurilish maydoniga tashrif buyurdi. Ushbu delegatsiya loyihaning asosiy hamkorlaridan bo‘lgan «Gazprombank» AJ, «Roseksimbank» AJ, Eksport kreditlari va investitsiyalarni sug‘urtalash bo‘yicha Rossiya Agentligi («EKSAR» AJ), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va Taraqqiyot Jamg‘armasi vakillaridan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida «Uzbekistan GTL» kompaniyasining vakillari tomonidan loyihani amalga oshirishning hozirgi holati, amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlarining borishi haqida taqdimot o‘tkazildi, shuningdek, «Sho‘rtan gaz-kimyo majumasining tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish» investitsiya loyihasi doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya loyiha boshqaruvi bo‘yicha maslahatchi - «TechnipFMC» kompaniya vakillari bilan uchrashdi.
Ma’lumot uchun. Ayni paytda loyihani amalga oshirishga qariyb 9 ming kishi jalb etilib, ulardan 7,5 mingdan ziyod kishi qurilish-montaj ishlariga jalb qilingan. Qurilish maydonida 905 ta qurilish va maxsus texnika safarbar etildi. Ishlar faol sur’atlarda davom etmoqda.
Jami qurilish maydoniga 1045 dan 901 dona (yoki umumiy miqdorning 86%) to‘plam yetkazib berildi, ulardan 600 ga yaqin to‘plam texnologik hududda o‘rnatilgan (jami og‘irligi 31 ming tonnadan ortiq).
«Gazprombank» AJ, «Roseksimbank» AJ, EKSAR, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va Taraqqiyot Jamg‘armasi «Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish» investitsiya loyihasini (UzGTL/Oltin Yo’L GTL loyihasi) moliyalashtirishda ishtirok etmoqdalar.
Rossiya delegatsiyasining tashrifi dasturida «O‘zbekneftgaz» AJ vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, unda tomonlar kompaniyalar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qiladi.