Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi "Bolalarni ularning sog‘lig‘i va axloqiga zarar yetkazuvchi ma’lumotlardan himoya qilishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish" mavzuida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazdi.
Unda Bosh prokuratura hamda sohaga daxldor qator vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ekspertlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Anjumanda markaz tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va internet tarmog‘ining oila mustahkamligiga va rivojiga ta’sirini o‘rganish, oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilishda, oilalardagi salbiy ijtimoiy holatlarning profilaktikasi, bolalarni ularning sog‘lig‘i va axloqiga zarar yetkazuvchi ma’lumotlardan himoyalashda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy-amaliy tadqiqot yakunlari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan oqilona foydalanishni tashkil etish, ularda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish hamda bolalarning sog‘lig‘i va axloqiga, ma’nan yetuk ulg‘ayishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborotlardan himoya qilish masalalari mazkur tadqiqotning ustuvor maqsadini tashkil etdi.
O‘tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, mazkur sohadagi ijtimoiy-iqtisodiy, texnikaviy va tashkiliy munosabatlarni 100 dan ortiq normativ-xuquqiy hujjat tartibga soladi. Ular asosida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining oila mustahkamligi va rivojiga ta’siri, oilaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish, oilalardagi salbiy ijtimoiy holatlarning profilaktikasi, bolalarni ularning sog‘lig‘i va axloqiga zarar yetkazuvchi ma’lumotlardan himoya qilishga qaratilgan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
– Ilmiy-amaliy tadqiqot jarayonida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarning tahlili hozirgi globallashuv davrida internet tarmog‘idagi bolalarni g‘ayriijtimoiy harakatlarga undovchi ba’zi axborotlar yoshlarning ijtimoiy jihatdan faolligi, ularning huquqiy madaniyati va ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganidan dalolat berdi, – dedi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi matbuot xodimi Zamiraxon Bilolova. – Yoshlarning aksariyatida internetdan huquqiy ong va huquqiy madaniyatga zid bo‘lgan, qadriyatlarga putur yetkazadigan axborotlarga butkul ishonib, milliy madaniy an’analarga mos bo‘lmagan xatti-harakatlarga taqlid qilish holatlari kuzatilmoqda. Mazkur holatlarga chek qo‘yish maqsadida tadqiqotimizda yoshlarni g‘ayriijtimoiy harakatlarga undovchi axborotlardan himoya qilishga qaratilgan zamonaviy dasturiy-apparat va texnika vositalarini qo‘llashni faollashtirish, bolalarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan buzg‘unchi va zararli axborotlardan ogoh etish hamda bu borada davlat, jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish, fuqarolar ishtirokini ta’minlash, ommaviy targ‘ibot ishlarini amalga oshirish kabi chora-tadbirlar dasturini tuzdik.
Seminarda tadqiqot yakunlaridan kelib chiqib, tegishli takliflar ham ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. O‘tkazilgan tadqiqot borasidagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan hamkorlikni yanada kuchaytirish, tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va izchil amalga oshirib borishga kelishib olindi.
Gulnoza BOBOEVA, Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA