O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ellikqal'a turizm markaziga aylantiriladi
2020-01-23 | Turizm
Ellikqal'a tumani, Bo‘ston shahrida “Ellikqal'a – turizm markazi” xalqaro ilmiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Forumning asosiy maqsadi Ellikqal'a tumanini yangi turizm markaziga aylantirishga yo‘naltirilgan.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ellikqal'a tumani hokimligi hamda "Hamkor Stimul Servis" innovatsion loyihalar ilmiy-tadqiqot markazi shafeligi ostida o‘tkazilmoqda.
Anjuman ishtirokchilari - Saudiya Arabistoni elchixonasi press attashesi janob Naif Al-Dosariy, "Hamkor Stimul Servis" innovasion loyihalar ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Sultonova, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Marketing tadqiqotlari va milliy turizm mahsulotlarini targ‘ib qilish boshqarmasi boshlig‘i O.Olimjonov, Irlandiyaning marketing bo‘yicha mutaxassisi Penni Oneyl hamda Xitoy kompaniyasining O‘zbekistondagi vakillari Li Gem Cher va Li Robert.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari M.A.Jumanov o‘z nutqini davlat rahbarining so‘zlari bilan boshladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2019-yilning 20-21 avgustida Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida Ellikqal'a tumanini turizm markaziga aylantirish vazifasini qo‘ygan edi. Muratboy Arepboevich, o‘z o‘rnida, Ellikqal'a tumani va umuman butun Qoraqalpog‘iston bo‘yicha rejalashtirilgan investitsion loyihalarni qayd etib o‘tdi. Anjuman davomida ishtirokchi va mehmonlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal'a tumani hududida joylashgan qadimiy Xorazm qal'alari haqida ma'lumotlar berildi. Yetakchi arxeolog G.Xo‘janiyozov tomonidan hududdagi tarixiy yodgorliklar, ularning nomlari va o‘ziga xos xususiyatlari, sobiq Qavat qal'a vohasiga oid taqdimot namoyish etilib, ularning hali to‘laligicha o‘rganilmagani ta'kidlandi.
G.Xo‘janiyozov qoraqalpog‘istonlik arxeologlarning 20 yildan ziyod Sidney universiteti bilan hamkorlik qilayotganini qayd etib, har bir tarixiy obyektning muhofaza qilinuvchi zonasini belgilab olishni taklif qildi.
Shuningdek, tadbir davomida Ellikqal'a tumani hokimi S.Avezov ham so‘zga chiqib, sanoat turizm va qishloq xo‘jaligi hisobiga rivojlanayotganini ta'kidladi. “2019 yilda Ellikqal'a tumaniga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 50 mingdan oshdi. Biz bu ko‘rsatkichlarda to‘xtab qolmay, bundan-da yuqori natijalarni qayd etish yo‘lida ishlayapmiz”, - dedi u. Ta'kidlash lozimki, “Ellikqal'a – turizm markazi” xalqaro konferensiyasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-oktabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizmni rivojlantirish to‘g‘risida”gi chora-tadbirlar rejasi ijrosi sifatida tashkil etilgan.