O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Yonse» Universiteti va Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash fondining vakillari bilan uchrashuv
2020-01-22 | Sog‘liqni saqlash
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida «Yonse» universiteti (Janubiy Koreya) va Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Toshkent shahrida bolalar ko‘p tarmoqli markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirish masalalari hamda qurilayotgan markaz xodimlarini o‘qitish va menejment tizimini yaratish dasturi doirasida KOFIH va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtalaridagi hamkorlik Memorandumini uzaytirish imkoniyati muhokama qilindi.
Ushbu kelishuvlar doirasida KOFIH grant mablag‘larini jalb qilgan holda, markazning axborot tizimida "Elektron tibbiy yozuvlar" («electronic medical records») modulini va boshqalarni ishlab chiqish va amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida ko‘p tarmoqli klinikani tashkil etish loyihasi doirasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shu munosabatda koreyalik sheriklarga koreyalik kapitalni va BMT shafe’ligida Orol dengizi mintaqasida inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik trast fondi mablag‘larini jalb qilishni hisobga olgan holda, tashkil qilinadigan klinikaning asosiy maqsad va vazifalari, turli xil stsenariylarda moliyaviy reja keltirilgan kontseptsiya yuborildi.
Ma’lumot uchun: «Yonse» universiteti - Koreya Respublikasining Seul shahrida joylashgan xususiy tadqiqot universitetidir. Bu mamlakatdagi eng obro‘li hisoblangan uchta SKY universitetlaridan biri (Seul milliy universiteti, Koryo, Yonse). «Yonse» universiteti 1885 yilda Che-donda tashkil etilgan va 1962 yilda Sinchxonga ko‘chib o‘tgan. Janubiy Koreyadagi eng qadimiy universitet hisoblanadi. «Yonse»da 4518 o‘qituvchi 26 731 talaba va 11 994 aspirantga ta’lim beradi. Universitetda koreya va ingliz tillarida keng dasturlarga ega.
Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi (KOFIH) - Koreyadagi yetakji jamoat tashkiloti bo‘lib, sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari bilan shug‘ullanadi.