O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat xizmatchilariga “Future Foresight” seminar-treningi oʼtkazilmoqda
2020-01-22 | Innovatsiya
7-13 dekabr kunlari Innovatsion rivojlanish vaziri oʼrinbosari Olimjon Toʼychiev boshchiligidagi15 kishidan iborat delegatsiya vakillari Birlashgan Аrab Аmirliklari Vazirlar Mahkamasi va kelajak ishlari boʼyicha vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Future Foresight” seminar-treningida muvaffaqiyatli ishtirok etib, xalqaro trener unvoniga sazovor boʼldilar.
Shu munosabat bilan, trenerlarning Birlashgan Аrab Аmirliklarida olgan bilim va koʼnikmalarini Oʼzbekiston Respublikasining vazirlik va idoralarida xizmat yurituvchi xodimlar bilan boʼlishish hamda “Future Foresight” mexanizmlarini xodimlar tomonidan ish faoliyati davomida keng qoʼllanilishini taʼminlash maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan vazirlik va idoralarda “Future Foresight” seminar-treninglari oʼtkazilmoqda.
Shu oʼrinda, hozirga qadar, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti hamda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida, belgilangan jadvalga koʼra “Future Foresight” seminar-treninglari muvaffaqiyatli oʼtkazildi. Bundan tashqari, yanvarь-fevralь oylarida 7 ta vazirlik va idoralarda ushbu seminar-treningini oʼtkazish koʼzda tutilgan.
Seminar-treninglarda spikerlar tomonidan “Kelajakni drayverlar va trendlar orqali tadqiq qilish”, “Ustuvor drayverlarning maʼlum bir sohalarga taʼsiri” va “Kelajak uchun stsenariy yaratish va uni amalga oshirish chora-tadbirlari” mavzularida oʼquv mashgʼulotlari oʼtkazilmoqda. Shuningdek, seminar-trening tinglovchilari guruhlarga boʼlingan holda, yurtimiz rivojiga hissa qoʼshishi mumkin boʼlgan trendlarni tanlab olib, bu trendlarning drayverlarini tahlil qilish imkoniga ega boʼladilar.
Oʼquv seminarining asosiy maqsadi – vazirlik xodimlarida tahlil qila olish koʼnikmalarini shakllantirish va amalga oshirilayotgan loyihalarning istiqbollari va samaradorligini baholash mexanizmlarini tushuntirishdir. Bu oʼz navbatida, u yoki bu turdagi loyihalarni amalga oshirish uchun zarur boʼlgan vaqt va resurslarni optimallashtirishda yordam beradi.