O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Variativ oʻquv rejani joriy qilish bilan bogʻliq savollarga javoblar

2020-01-22 | Ta’lim

1-savol: Variativ oʻquv rejada tanlov sinfini tashkil etish uchun 5 ta yoʻnalish tavsiya etilgan. Maktab ushbu 5 ta yoʻnalishning barchasini tashkil etishi kerakmi? 

Javob: Umumtaʼlim maktabida barcha yoʻnalishlarda tanlov sinflari ochilishi talab etilmaydi. Maktabda bitta yoʻnalishda tanlov sinfi ochilishiga ham yoʻl qoʻyiladi. 

Yoʻnalishlarni ochishda bu maktabning imkoniyati, oʻquvchilarning xohishi va yuqori malakali, tajribali oʻqituvchilarning mavjudligi inobatga olinadi. 

2-savol: Tanlov sinfi va oldingi anʼanaviy sinfning farqi nimada? 

Javob: 2019-2020 oʻquv yili uchun moʻljallangan tayanch oʻquv reja asosida oʻqitiladigan sinflar – bu anʼanaviy sinflar, variativ oʻquv reja asosida oʻqitiladigan sinflar – tanlov sinflari hisoblanadi. 

Anʼanaviy sinf 15 ta majburiy fanni oʻqiydi, tanlov sinfi 8 ta majburiy fanni oʻqiydi. 

3-savol: Maktabda oʻquvchilar tomonidan tanlanmagan, tanlov faniga kirmagan fan oʻqituvchilari norozi boʻlsa, bunday holatda ham variativ oʻquv rejani joriy qilish mumkinmi? 

Javob: Avvalo, maktabda variativ oʻquv rejani joriy qilish -ixtiyoriy. Quyidagi hollarda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida variativ (oʻzgaruvchan) oʻquv reja joriy qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi: 

umumiy oʻrta taʼlim maktablari tanlov fanidan dars berish uchun yetarli malaka va tajribaga ega oʻqituvchi bilan taʼminlanmagan boʻlsa; 

oʻquvchilar, oʻqituvchilar va ota-onalar tomonidan yetarlicha qoʻllab-quvvatlanmasa. 

Variativ oʻquv rejani maktabda joriy qilish yoki qilmaslik masalasi maktabning pedagogika kengashida muhokama qilinadi va tegishli qaror qabul qilinadi. Bunda pedagogik kengashda ishtirok etgan pedagoglarning ovozi bilan tegishli qaror qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda pedagogik kengash raisi hal qiluvchi ovozga ega boʻladi. 

4-savol: Maktabda variativ oʻquv reja qaysi yoʻnalishda joriy etilishini kim belgilaydi? 

Javob: Maktabda variativ oʻquv rejaning yoʻnalishi avvalo oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan soʻrovnoma asosida aniqlanadi. Soʻrovnoma natijasida, oʻquvchilar tanlovi asosida maʼlum boʻlgan yoʻnalish pedagogika kengashida muhokama qilinadi va bu holat qoʻllab-quvvatlansa, variativ oʻquv rejasi yoʻnalishi pedagogika kengashi qarori bilan belgilanadi va maktab direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Pedagogika kengashi qaror qabul qilishda oʻquvchilar tanlagan yoʻnalishdagi fan boʻyicha maktabda yuqori malakali va tajribali oʻqituvchilar bor yoki yoʻqligi ham inobatga olinadi. 

5-savol: Agarda oʻquvchi tanlagan yoʻnalishdagi fan boʻyicha maktabda yuqori malakali va tajribali oʻqituvchi boʻlmasa, shu yoʻnalish boʻyicha variativ oʻquv rejani joriy qilish mumkin boʻlmaydimi?

Javob: Agar maktabda oʻquvchi tanlagan yoʻnalishdagi fan boʻyicha yuqori malakali va tajribali oʻqituvchi boʻlmasa, bunda ushbu yoʻnalishda variativ oʻquv rejani joriy qilish yoki tanlov sinfini tashkil etish masalasi vaqtincha toʻxtatiladi. Toki, maktab direktori tomonidan ushbu yoʻnalishdagi fan boʻyicha yuqori malakali va tajribali oʻqituvchi jalb qilinguniga qadar toʻxtatib turiladi. 

6-savol: Maktabda variativ oʻquv rejani joriy qilish yoʻnalishi va fanlari aniq boʻlsa, ushbu fanlarga necha soatdan berilishini kim hal qiladi, maktab direktorimi?

Javob: Maktabda variativ oʻquv rejani joriy qilish yoʻnalishi va fanlari aniq boʻlsa, ushbu fanlar boʻyicha yuqori malakali va tajribali oʻqituvchilar boʻlsa, pedagogika kengashida tegishli fan metod birlashmalari rahbarlari ishtirokida tanlov fanlariga ajratiladigan soatlar miqdori belgilanadi va maktab direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. 

7-savol: Tanlov sinfida tegishli fan boʻyicha kim dars berishini, ushbu sinfga kim rahbar boʻlishini maktab direktori belgilaydimi? Chunki tanlov fani sifatida aniqlangan fan boʻyicha oʻqituvchilar maktabda bir-nechta boʻlishi mumkin-ku. 

Javob: Bu masala maktabning pedagogika kengashida muhokama qilinadi va kengash qarori bilan tanlov fanidan dars beradigan fan oʻqituvchisi, tanlov sinfi rahbari belgilanadi va maktab direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. 

8-savol: Maktabda tanlov sinfida oʻquvchilar soni nechta boʻlishi kerak? 

Javob: Tanlov sinfidagi oʻquvchilar soni Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida Nizomga muvofiq 35 nafargacha boʻlishi lozim. 

9-savol: Maktabda bitta 10-sinf yoki 11-sinf boʻlsa, bunday sinflarga ham variativ oʻquv reja joriy qilinadimi? 

Javob: Maktabda bitta 10-sinf yoki 11-sinf boʻlsa va sinfdagi oʻquvchilar 100% bitta yoʻnalishni tanlasa, bunday sinflarda ham variativ oʻquv rejani joriy qilish mumkin. Agarda 100% oʻquvchi tanlamasa, bu sinfga variativ oʻquv rejani joriy qilib boʻlmaydi. 

Sababi, bitta sinfdagi 80% bola bitta yoʻnalishni tanlasa, qolgan 20% foiz oʻquvchi oʻzi qiziqqan fanlarini oʻqish imkoniyatidan mahrum boʻlishi mumkin. Qolgan 20% oʻquvchi odatdagi, anʼanaviy sinfda oʻqishni davom ettiradigan sinf yoʻq boʻlib qoladi. 

Agar 10-sinflar soni 2 ta boʻlganda, bunday holda bitta sinfni anʼanaviy sinf sifatida tashkil etib, yoʻnalishi kam foizni tashkil etgan oʻquvchilar ushbu sinfda oʻqishni davom ettirgan boʻlardi. 

10-savol: Maktabda 10-sinf soni ikki va undan ortiq boʻlsa, undagi oʻquvchilar 5 ta yoʻnalishni tanlasa, har bir yoʻnalishni teng miqdorda (20%) oʻquvchilar xohlasa, qaysi yoʻnalish ochiladi? 

Javob: Agarda oʻquvchilar tanlovi yoʻnalishlar boʻyicha bir xil foizni tashkil etsa, bu holatda mazkur sinflarda tanlov sinfi tashkil etilmaydi. 

11-savol: Maktabda 10-sinflar soni 4 ta boʻlsa, variativ oʻquv rejadagi yoʻnalishlar tashkil etilishida yangi sinf ochiladimi? 10-sinflar soni bittaga koʻpayadimi? 

Javob: 10-sinflar soni koʻpaymaydi. Misol uchun, oldin maktabda 10-sinflar soni 4 ta boʻlsa, tanlov sinfi oʻsha 4 ta sinf ichidan qayta tashkil etiladi. Natijada maktabda 10-sinflar uchun 1 ta tanlov sinfi va 3 ta oddiy, anʼanaviy sinf boʻladi.

Поделиться