O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MUBADALA va MASDAR amirlik kompaniyalari bilan loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvlar imzolandi
2020-01-20 | Iqtisodiyot
Dunyodagi eng yirik Mubadala investitsiya xoldingi (BAA) va uning bo‘linmasi bo‘lgan Masdar kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasining energetika sektoriga investitsiyalar kiritmoqda.
Joriy yil 18-yanvar kuni Investitsiya va tashqi savdo vazirligida Masdar kompaniyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Navoiy viloyatida 400 MVt quvvatga ega shamol elektr stantsiyasini qurish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Ushbu kelishuvga muvofiq, Masdar kompaniyasi shamol elektr stantsiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishni amalga oshiradi. Qurilish uchun investitsiyalar hajmi 600 mln dollar miqdorida baholanmoqda; ishlarni 2020-yilning uchinchi choragida boshlab, ob'yektni 2022-yilda foydalanishga topshirish reja qilinmoqda.
Shuningdek, Mubadala kompaniyasi bilan "Tolimarjon IES" OAJ bazasida mavjud energobloklarni xususiylashtirish va yangilarini qurish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Kelishuv Tolimarjon energetika kompleksini xususiylashtirish, rivojlantirish, moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilishning mexanizmlari va shartlarini belgilaydi. Amirlik tomonidan ob'yektning aktsiyalarini sotib olish va xususiylashtirish jarayoni 2020-yilning uchinchi choragida reja qilingan.
Ta’kidlash joizki, ushbu kelishuvlardan oldin, o‘tgan yilning noyabr oyida Masdar kompaniyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Navoiy viloyatida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stantsiyasini qurish bo‘yicha investitsiya kelishuvi imzolangan, chunki oktabr oyida Masdar kompaniyasi davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida muqobil energetika sohasiga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi tarixida birinchi ochiq tender g‘olibi deb e’lon qilingan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati hamda Masdar va Mubadala kompaniyalari o‘rtasida respublikada elektr stantsiyalari qurish borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuv 2019-yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan.
Ma’lumot uchun: Mubadala - Birlashgan Arab Amirliklarining davlat investitsiya kompaniyasi. Kompaniyaning investitsiya portfeli 200 mlrd dollarga teng bo‘lib, uning tarkibi - yoqilg‘i-energetika tarmog‘i, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, metallurgiya, aerokosmik sektorlari, tog‘-kon sanoati hamda sog‘liqni saqlash sohalaridagi aktivlardan iborat.
Masdar - Mubadala investitsiya xoldingining sho‘’ba kompaniyasi bo‘lib, dunyoda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xalqaro kompaniyalardan biri.