Mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik yoʻnalishi jadal rivojlanib bormoqda. Shu asosda qulay investitsiya muhitini yaratish, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishga erishilmoqda.
2019-yil 10-mayda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi shu sohada davlat siyosatini amalga oshiruvchi yagona vakolatli organ deb belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritildi.
Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori Gʻolib Xoljigitov mazkur qonunning mazmun-mohiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Uning taʼkidlashicha, davlat-xususiy sheriklikning oʻziga xos tartib-talablari bor. Bu yoʻnalish taʼlim, energetika, transport, sogʻliqni saqlash, avtomobil yoʻllari kabi sohalardagi infratuzilma loyihalarini amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyatga ega.
– Hozirgi kunda davlat-xususiy sheriklikning iqtisodiy tarmoqlari, bu – elektr energiyasini ishlab chiqarish, transport, telekommunikatsiya, kommunal xoʻjalik, qishloq va suv xoʻjaligi, turizm sohalaridir, – dedi Gʻ.Xoljigitov. – Agentlik tomonidan mazkur yoʻnalishlarga investitsiyalarni jalb qilish borasida qator ishlar qilinmoqda. Masalan, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda 9,65 milliard AQSH dollaridan ortiq boʻlgan 17 davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Ulardan 10 tasi energetika, 2 tasi transport, 3 tasi kommunal xoʻjalik, 2 tasi sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalariga toʻgʻri keladi.
Mutaxassislarning fikricha, davlat-xususiy sheriklik yangi tizim hisoblanadi. Bu yoʻnalish Yevropa davlatlarida yaxshi rivojlangan. Uning tarixi qadimiy davrlarga borib taqalsa-da, biroq tizim 1990-yildan boshlab Buyuk Britaniyada rivojlana boshlagan. Yana bir maʼlumot, Avstraliyada 50 million dollargacha boʻlgan miqdordagi loyihalar davlat-xususiy sherikligi aralashuvisiz amalga oshirilar ekan.
Xoʻsh, bu yoʻnalish kimlar uchun va mohiyati nimadan iborat?
Avvalo, davlat-xususiy sheriklik loyihalari aholi manfaatiga xizmat qilishi kerak. Demak, bu faoliyat turida aholi manfaati birinchi oʻrinda turadi. Biroq loyihalarni amaliyotga tatbiq etishda ikki tarafning ishtiroki va imkoniyatlari muhimdir. Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bu jarayonda yagona vakolatli organ sifatida ishtirok etadi. Bu yoʻnalish davlat byudjetiga koʻmak beruvchi va ijtimoiy sohalar rivojida muhim boʻlib, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladigan bugungi kunning eng zamonaviy va samarali mexanizmi hisoblanadi.
– Oʻtgan yilda 40 nafar xodimimiz xalqaro sertifikatga ega boʻldi, – dedi agentlik bosh mutaxassisi Bahodir Omonov. – Shunga qaramasdan, yana vazirlik va idoralar hamda hududlar uchun mutaxassislar oʻquvini tashkil qilishimiz galdagi vazifamiz. Qonun bilan davlat-xususiy sheriklik loyihalari 3 yildan 49 yilgacha qilib belgilab qoʻyildi. Shuningdek, loyihalarni amalga oshirish ham uch tartibda belgilandi. Birinchi tartib miqdori 1 million dollar, ikkinchisi 1 milliondan 10 million dollargacha va uchinchisi 10 million dollardan ortiq miqdordagi loyihalardir.
Nasiba ZIYODULLAYEVA, Muhammad AMIN (surat), OʻzA