O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonning har bir hududida “Yoshlar texnoparki” tashkil etiladi
2020-01-15 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.
Muhokama uchun eʼlon qilingan hukumat qarori loyihasida aytilishicha, prezidentning 2019-yil 30-avgustdagi “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab - quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4433-son Qaroriga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etilgan.
Innovatsion rivojlanish vazirligi va Yoshlar ittifoqi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich yuridik shaxs maqomiga ega masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yoshlar texnoparki” direksiyasi tashkil etish taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Bunda, Texnopark “Yashnobod” innovatsiya texnoparkining hududiy boʻlinmasi deb hisoblanadi va “Yashnobod” innovatsiya texnoparkining rezidentlarining joylashuvini eksterritoriallik Oʻzbekistonning barcha hududlarida amalga oshiriladi.
Quyidagilar Texnopark faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilanadi:
hududlarda Yoshlar akademiyasining faoliyatini rivojlantirish hamda mahalliy hokimiyat organlari, taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlarni ilmiy va ijodiy salohiyatini oshirish;
hududlarda yoshlarning analitik fikrlash, ularni ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, iqtidorli, tashabbuskor yoshlarning oʻz intellektual salohiyatini namoyon qilishi va ijtimoiy moslashuvi uchun zarur sharoitlar yaratish;
yoshlarning startap-loyihalarni rivojlantirish va ularni amalga oshirish uchun yagona maydon tashkil etish orqali hududlarning innovatsion salohiyatini oshirish;
zamonaviy talablarga javob beradigan malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, hududlarni sifatli yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlar bilan taʼminlash maqsadida ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish;
iqtidorli yoshlarni rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga koʻmaklashish;
yetakchi kompaniyalar vakillari, malakali mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida treninglar va master klasslarni, shuningdek, yoshlarda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish va ishlab chiqaruvchilar bilan innovatsion-korporativ aloqalarni yoʻlga qoʻyish maqsadida ilmiy-texnik konferensiya, seminar, oʻquv kurslari va treninglar tashkil etish;
iqtidorli yoshlar tomonidan taklif etilgan dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha loyihalarni saralash hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mavzuga oid grantlar berish yuzasidan eʼlon qilib boriladigan tanlovlarga yoʻnaltirish;
ilmiy-texnik, innovatsion hamda startap-loyihalarni amaliyotga joriy etish maqsadida oliy taʼlim muassasalarining ilmiy xodimlari, oʻqituvchi-professor va talabalarini shartnoma asosida jalb qilish.
Texnopark faoliyatini moliyalashtirish manbai sifatida quyidagilar belgilanadi:
xoʻjalik va tadbirkorlik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar;
xalqaro moliya va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablagʻlar va kreditlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi byudjetdan tashqari mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qoʻllab - quvvatlash Jamgʻarmasi;
jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining xayriya mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilab qoʻyilishicha:
Texnoparklar bino va inshootlarini tashkil etish bilan bogʻliq hamda ularni zamonaviy asbob - uskunalar bilan jihozlash xarajatlari Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab - quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi;
Texnopark direktori Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlarining tavsiyasiga asosan innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Prezidentning “Toshkent shahrining Yashnobod tumanida innovatsiya texnoparkini tashkil qilish toʻgʻrisida” 2017-yil 5-iyundagi PF-5068-son Farmonining 10-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar mazkur tashkil etilayotgan Texnoparklar rezidentlari va Direksiyasiga ham tatbiq etiladi.
Tashkil etiladigan Texnoparklar Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufiga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi.