O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Faxriylarimiz holidan xabar olindi
2020-01-15 | Jamiyat
Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan joylarda ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazilib, mehnat faxriylari holidan xabar olinmoqda.
Akademiya rahbariyati tashabbusi bilan bir guruh professor-o'qituvchilar va kursantlar ichki ishlar organi faxriysi Lidiya YUdina xonadonida bo'lishdi. Bayram tilaklari bilan boshlangan tadbir bahonasida ustoz-shogirdlar dildan suhbat qurishdi. Umrning yorqin lahzalari yodga olindi. Lidiya YUdina sovg'alarni qabul qilarkan, davlatimiz tomonidan ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rlikdan minnatdorligini yashirib o'tirmadi.
– Inson keksaygani sayin, mehrga muhtoj bo'lib qolarkan, – dedi u. –Bugungi tadbir chindan ham kutilmagan tuhfa bo'ldi. Qadrdon maskanda faoliyat yuritayotgan shogirdlarim, navqiron o'g'il-qizlarni ko'rib, ko'nglim tog'day ko'tarildi. Bilasizmi, mahalla-ko'yda qo'ni-qo'shnilar bilan ko'rishib qolsam, “Lidiya opa, juda baxtli insonsiz, doim shogirdlaringiz e'tiboridasiz”, deyishadi. Ko'zimga yosh olib, quvonib ketaman. Aytingchi, yoshi ulug' inson uchun bundan ortiq baxt bormi?!
SHu kuni orkestr sadolari bir zumda mahalla ahlining shodu-xurramligiga ulanib ketdi. Yig'ilganlarga milliy birligimiz va g'ururimiz timsoliga aylangan “SHaraf lentalari” tarqatildi. Jajji bolajonlarning raqslari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
YUnusobod tumanining G'ayratiy mahallasida istiqomat qilayotgan Turg'unboy ota Azimovning ko'p yillik hayoti elu yurtimiz tinchligini saqlash yo'lida o'tgan. Bayram arafasida an'anaga muvofiq bu gal ham uning xonadoni ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan shogirdlari, farzandlari-yu, yaqinlari bilan to'lib ketdi. Akademiya vakillari 92 yoshni qarshi olgan Turg'unboy otani Vatan himoyachilari kuni bilan qutlab, qimmatbaho sovg'alarni tantanali ravishda topshirishdi.
Nuroniy otaxon izzat-ikromdan mamnun bo'lib, “tinchligimizni, Prezidentimizni, yurtimizni o'z panohida asrasin, yoshlarimizga umr bersin!” deya qo'lni duoga ochdi. Bayram tadbiri to'kin dasturxon atrofida davom etdi.