O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonlik oʻquvchilar yana bir choʻqqini zabt etdi
2020-01-15 | Ta’lim
Joriy yilning 9-14-yanvar kunlari bir guruh iqtidorli oʻquvchilardan iborat yurtimiz vakillari Qozogʻiston Respublikasi, Olma-ota shahrida matematika, fizika va informatika fanlaridan boʻlib oʻtgan 16-Xalqaro Jautikov (IZHO) olimpiadasida qatnashib, munosib oʻrinlarni egallashdi.
Bu yilgi anʼanaviy fan olimpiadasida 21 ta davlatdan, jumladan, Bolgariya, Daniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Moʻgʻuliston, Nepal, Norvegiya, Ruminiya, Serbiya, Turkiya, Shvetsiya va MDHga aʼzo davlatlaridan kelgan 84 ta jamoa, jami 600 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Jahon miqyosida yuqori nufuzga ega mazkur olimpiada 2005-yildan Olma-ota shahridagi Fizika-matematika milliy maktabida oʻtkazilib, unda turli mamlakatlarning STEM (Science, Technoglogy, Engineering Math) sohasi boʻyicha ixtisoslashgan maktab jamoalari ishtirok etadi.
Yurtimiz vakillari ushbu olimpiadada munosib qatnashib, 6 ta medalni qoʻlga kiritdi. Bu esa Oʻzbekistonda iqtidorli yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va eʼtirofning yaqqol ifodasidir.
2020-yil boshida oʻquvchilarimiz Xalqaro Jautikov fan olimpiadasida quyidagi natijalarga erishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida yurtboshimiz va hukumatimizning bildirgan ishonchi hamda gʻamxoʻrligiga javoban oʻquvchilarimiz ushbu xalqaro olimpiadada ishtirok etib, mamlakatimiz bayrogʻini yuqori koʻtarishga sazovor boʻldi.
Aytish joizki, Eldor Neymatov, Jahongir Norboyev va Diyorbek Tolibov 2017-yil Tailandda, 2018-yil Bolgariyada va 2019-yilda JARda boʻlib oʻtgan Xalqaro matematika musobaqasida (IMC), shuningdek, 2019-yilda oʻtkazilgan qoʻshimcha respublika olimpiadasida ham medallarni qoʻlga kiritgan.
Mamlakatimiz oʻquvchilarini Xalqaro Jautikov (IZHO) olimpiadasidagi muvaffaqiyati bilan qutlab, kelgusi jahon fan olimpiadalarida bundan ham yuqori zafarlarni tilab qolamiz!