O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Individual biogaz qurilmasi yaratildi
2020-01-14 | Fan
Ixtiro bioenergetika, organik chiqindilarni qayta ishlash bo’yicha qurilmalar, organik o’g’itlar va biogaz olishda foydalaniladi.
Oxirgi yillarda butun dunyoda biogaz qurilmalarini barpo etishga hukumatlar darajasida katta ahamiyat berilmoqda. Biogaz qurilmalarining soni boʼyicha eng yuqori koʼrsatkich Xitoyga tegishli boʼlib, 40 million donani tashkil qiladi. Hindistonda 3,8 million, Nepalda 20 ming dona kichik hajmdagi biogaz qurilmalari mavjud. Oʼrta va katta biogaz qurilmalaridan foydalanish Yevropa davlatlarida ham taraqqiy etgan boʼlib, birgina Germaniyada 8 ming dona yirik biogaz qurilmalari ishlab turibdi.
Biogaz organik moddalar havo kiritmasdan (anaerob) achitilganda vujudga keladi. Tabiatda biogaz kislorodga yoʼl yopiq boʼlgan hamma joyda – botqoqlar va balchiqzorlarda, shuningdek meʼda yoʼlida ovqat hazm qilish vaqtida vujudga keladi. Аgar organik material havo kirmasdan toʼplansa, metanni bogʼlaydigan bakteriyalar taʼsir koʼrsatganda, biologik jarayon boshlanadi va natijada biogaz hosil boʼladi. Mazkur jarayondan chorvadorlik fermalarida, axlatni qayta ishlaydigan zavodlarda, oqava suvlarni tozalash korxonalarida chiqindilarni qayta ishlash uchun foydalaniladi.
Qishloq xoʼjaligi chiqindilarini biogaz qurilmalarida qayta ishlash xoʼjaliklarni biogaz bilan taʼminlashi, undan har qanday maishiy gaz asboblarida va qishloq xoʼjaligi texnikasi uchun motor yonilgʼi sifatida foydalanilishi mumkin. Biogaz oshxona plitalarida, ovqat tayyorlash uchun ishlatilishi mumkin va u tabiiy gazga qaraganda tozaroq yonadi (qurum hosil qilmaydi). Biogaz qurilmasidan gazogenerator bilan birga foydalanish orqali elektroenergiya olish va uni shu jumladan yoritish uchun ishlatish mumkin.
Individual biogaz qurilmasi tarkibiga ikkita o’zaro tutashgan kamerali reaktor kiradi. Qurilma biomassani aralashtirish, isitish va biogazni chiqarib olish tizimlari bilan jihozlangan. U uchinchi - o’rta kamera, qabul qilish va chiqarish bunkerlari, issiqlik tashuvchisining majburiy sirkulyatsiyasi uchun qurilma va ekran bilan ta’minlangan. O’zaro tutashgan kameralar – qabul qilish kamerasi, birinchi lotok, tirsak va ikkinchi lotokni o’z ichiga olgan o’rta kamera va chiqarish kamerasi reaktor korpusi yordamida – reaktor korpusining markaziy o’qi bo’ylab joylashgan bo’ylama to’siq hamda korpus eni bo’ylab o’rnatilgan enlama to’siq vositasida hosil qilingan.
Aralashtirish tizimi tarkibiga ikkala lotok ichida bir-biriga nisbatan parallel osilgan ustki va pastki balkalar hamda balkalar bilan yelkalar orqali ulangan va yelkalarning vertikal o’q bo’ylab harakatlanishini ta’minlash imkoniyati bilan o’rnatilgan richagli mexanizm kiradi. O’rta kamera kesimida U-simon shakl bajarilgan. Isitish tizimi ustki va pastki isitgichlarga ega. Ustki isitgich bo’ylama to’siqda o’rnatilgan. Nishabli qilib bajarilgan lotoklar tubi va tirsak tubi qovurg’ali qilib bajarilgan pastki isitgich panellari vositasida hosil qilingan.
Ixtironing ahamiyatli jihati qurilmaning ishlatishdagi unumdorligini oshirish, biogas chiqishini ko’paytirish, bijg’iyotgan biomassa issig’ining yo’qolishini quyosh, shamol va yer energiyasidan foydalanish yo’li bilan kamaytirib, tejamkorlikni oshirishdan iborat.
Ixtiro uchun Sayakulov Ibaydullaga “Ixtirolаr, foydаli modellаr vа sаnoаt nаmunаlаri toʼgʼrisidа”gi O’zbekiston Respublikasining qonuniga ko’ra IAP 05575 raqamli patent berildi.