O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq taʼlimi vazirligi tizimida olib borilayotgan islohotlar
2020-01-14 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimida 2019-yilda oʻqituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, maktablar infratuzilmasini yaxshilash, oʻquvchilarni Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta tashabbus doirasida toʻgaraklarga jalb etish va maktablarda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha qator amaliy ishlar amalga oshirildi.
Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi
2019-yilning 29-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdi.
Hujjatda xalq taʼlimi tizimida mavjud muammolar va ularni yechish uchun amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, konsepsiya tizimda islohotlar amalga oshiriladigan 9 ta yoʻnalish va 48 ta koʻrsatkichni belgilab bergan.
Mazkur konsepsiya taʼlim tizimini rivojlantirishning quyidagi yoʻnalishlarini belgilab berdi:
Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assessment) Xalqaro miqyosda oʻquvchilarni baholash dasturi reytingi boʻyicha jahonning birinchi 30 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish;
Uzluksiz taʼlim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
Oʻqitish metodikasini takomillashtirish, taʼlim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish;
Xalq taʼlimi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalarni joriy etish;
Xalq taʼlimi muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va byudjetdan mablagʻ bilan taʼminlashning samaradorligini oshirish;
Yoshlarni tarbiyalash va ularning bandligini taʼminlashda maktabdan tashqari taʼlimning zamonaviy usullari va yoʻnalishlarini joriy etish;
Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish hisobiga davlat taʼlim tizimida raqobat muhitini kengaytirish;
Yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish;
Xalq taʼlimi tizimida faoliyat koʻrsatishning jozibadorligini oshirish maqsadida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish darajasini bosqichma-bosqich oshirib borish.
Maqsadli koʻrsatkichlar asosida taʼlim mazmuni samaradorligi oshirilib, kadrlarning sifat tarkibini yaxshilanadi. Jamiyatda oʻqituvchilar maqomi oshiriladi. Yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan beshta tashabbus amaliyotga tatbiq etiladi. Oʻquvchilarni madaniyat va sanʼat muassasalariga jismoniy tarbiya, sportga keng jalb etiladi. Yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.
Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining samarali ijrosi mamlakatimizda taʼlim sifatini oshirishga turtki boʻladi.
Oʻqituvchilarning mavqeini oshirish
Taʼlim-tarbiya ishlarini samarali olib borishda oʻqituvchilarning oʻrni muhim. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida xalq taʼlimi tizimida olib borilayotgan islohotlarning muhim yoʻnalishlaridan biri oʻqituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirishdir.
Taʼkidlab oʻtish kerakki, murakkab oʻtish yillarida maktabda oʻqituvchi kasbining obroʻyi va nufuzi pasayib ketdi. Oʻqituvchilardan taʼlim sifatini taʼminlash emas, balki qishloq xoʻjaligi va obodonlashtirish ishlarida faol ishtiroki talab qilingan.
Prezidentimizning siyosiy irodasi natijasida oʻqituvchilar qishloq xoʻjaligi va obodonlashtirish ishlari hamda boshqa majburiy mehnatdan ozod qilindi.
Ularning mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha katta ishlar qilinmoqda. Oxirgi 3 yilda oʻqituvchilarning ish haqi oʻrtacha 2,5 barobar oshirildi. Uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog kadrlar mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha aniq mezonlar belgilandi. Ularga 50 foizgacha qoʻshimcha oylik ustamalar toʻlanmoqda. Bu olis hudud taʼlim muassasalariga yetishmayotgan mingdan ziyod oʻqituvchini jalb etish imkonini berdi. Nafaqa yoshida faoliyatini davom ettirayotgan oʻqituvchilarga pensiya toʻliq miqdorda berilmoqda. Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchilarning oyliklarini yana qayta koʻrib chiqish vazifasini belgilab berdi.
Oʻqituvchilarning bilim va malakasini oshirish
Oʻqituvchilarga sharoit yaratilganidan keyin ularga qoʻyiladigan talab — taʼlim sifatini oshirishdan iborat.
2019-yilda Xalq taʼlimi vazirligi Davlat test markazi bilan hamkorlikda Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida barcha oʻqituvchilarni oʻz fani va davlat tili boʻyicha imtihondan oʻtkazdi. Imtihon natijalariga koʻra, oʻqituvchilar bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha individual qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlari asosida oʻqitish belgilandi.
Mazkur yoʻnalishda “Xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi toʻgʻrisida” Prezident qarori loyihasi tayyorlanib, muhokama uchun eʼlon qilindi. Unda uzluksiz malaka oshirish tizimini amaliyotga joriy etish boʻyicha quyidagilar belgilandi:
a) Xalqaro andozalarga asoslanib, xalq taʼlimi tizimidagi pedagoglarning kompetensiyalari darajasini belgilovchi yagona kasbiy standart va baholash tizimini ishlab chiqish;
b) Umumtaʼlim maktablarida pedagogik faoliyat yuritish huquqini berish boʻyicha kasbiy litsenziyalash (sertifikatlash) mexanizmlarini ishlab chiqish hamda uni bosqichma-bosqich joriy etish;
v) Xalq taʼlimi xodimlarining mustaqil ravishda malaka oshirishlarini qoʻllab-quvvatlash va ularning kasbiy ehtiyojlarini eʼtiborga olish imkoniyatini beradigan malaka oshirishning kredit-modul tizimini joriy etish;
g) Amaldagi metodist lavozimini tugatgan holda oʻqituvchilarning kasbiy faoliyatini doimiy rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash uchun “mentor” lavozimini joriy etish. Mentorlikka tajribali oliy toifali oʻqituvchilar va yuqori malakali kadrlarni jalb etish hamda ularning oyligini oliy toifali oʻqituvchilarga nisbatan 1,15-1,35 baravar koʻproq etib belgilash;
d) A.Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti negizida A.Avloniy nomidagi Xalq taʼlimi akademiyasini hamda Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi hududiy xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari negizida Pedagogik mahorat institutlarini tashkil etish;
ye) Akademiyada malakali va iqtidorli amaliyotchi pedagoglar tarkibidan yangi zamon taʼlim boshqaruvchilarini tayyorlash maqsadida tashkil etiladigan “Taʼlim menejmenti” mutaxassisligi boʻyicha 1 yillik va va “Kattalar taʼlimi” mutaxassisligi boʻyicha 2 yillik magistraturalar tashkil etish kabi masalalar taklif etildi.
Ushbu qaror loyihasi bilan oʻqituvchilar uchun kasbiy sertifikatlash tizimini joriy etish taklif etilmoqda. Yangi taklif etilayotgan tizim orqali malakali va tajribali oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish mexanizmi yaratiladi. Oʻqituvchilarning kasbiy bilimlari, davlat tilini bilish darajasi va psixologik tayyorgarligi baholanadi. Minimal talablarga javob bergan va sertifikatsiyadan oʻtgan oʻqituvchilar sertifikatga ega boʻlmagan oʻqituvchilarga nisbatan koʻproq oylik olishi rejalashtirilgan.
Kasbiy sertifikat rahbarlar uchun 3 yilga, oʻqituvchilar uchun esa 5 yilga amal qilib, dastlabki bosqichda toifaga ega boʻlgan oʻqituvchilardan, keyinchalik toifaga ega boʻlmagan oʻqituvchilardan talab etiladi.
Konsepsiyaga muvofiq yangi tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda jami oʻqituvchilar soniga nisbatan kasbiy sertifikatga ega oʻqituvchilarni 2021-yilda 5 foizga, 2030-yilda 20 foizga yetkazish belgilangan.
Maʼlumot uchun, hozirda xalq taʼlimi tizimidagi 481 604 nafar oʻqituvchidan 2,7 foizi oliy malaka, 11,4 foizi birinchi malaka, 26 foizi ikkinchi malaka toifasiga ega. Qolgan 46,4 foiz oʻqituvchi toifaga ega emas.
Sertifikatlash tizimini shaffof va adolatli oʻtishini taʼminlash uchun yangi baholash markazini tashkil etish va taniqli xorij tashkiloti bilan hamkorlik qilinishi rejalashtirilmoqda. Bunda xorijlik hamkorlar imtihon jarayonida nohaqlikka yoʻl qoʻyilmasligini kafolatlaydi. Yangi tashkil etilgan xorij tajribasi oʻrganilganidan va jamoa tuzilganidan soʻng sertifikatlash jarayoni mahalliy mutaxassislar tomonidan tashkil etiladi.
Baholash tizimlarini joriy etish
Xalq taʼlimi tizimida yana bir muammolardan biri oʻquvchilar bilimini baholash tizimi yoʻqligidir. Shu bois taʼlim sifatini aniqlash uchun bir necha tashqi manbalar maʼlumoti oʻrganilib, xalqaro tajribalar amaliyotga joriy etilgan holda shaffof hamda obyektiv baholash mezonlari yaratilmoqda.
Jumladan, maktab bitiruvchilarining 2019-yilda oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlari tahlil qilindi. 2 mingdan ziyod maktabning bironta oʻquvchisi oliy oʻquv yurtiga kira olmaganligi aniqlandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan bu yil ilk bor maktablar reytingi eʼlon qilindi. Reyting pedagoglar salohiyati, 9-sinf oʻquvchilari bilim darajasi, bitiruvchilarning OTMlarga kirish koʻrsatkichlari va ijtimoiy soʻrovnomalarga asoslandi.
2020-yilda AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan birgalikda boshlangʻich sinf (2- va 4-sinf) oʻquvchilari oʻrtasida oʻqish (EGRA) va matematika (EGMA) savodxonligi boʻyicha xalqaro baholash oʻtkaziladi. Hozirgi kunda baholashni oʻtkazish boʻyicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. 2019-noyabr oyida EGRA va EGMA baholash tizimi mamlakatimizning bir necha maktablarida sinovdan oʻtkazildi.
2021-yilda oʻquvchilar bilimi PISA va PIRLS xalqaro baholash dasturlari asosida aniqlanadi. Mazkur xalqaro baholash dasturlari mamlakatimiz taʼlim tizimini boshqa davlatlar bilan solishtirish va kamchiliklarini aniqlashga koʻmak beradi.
Maktab infratuzilmasini takomillashtirish
Maktablarga koʻmaklashish oʻziga xos milliy harakatga aylandi. Barcha davlat dasturlari doirasida, shuningdek joylardagi davlat hokimiyati organlari maktab infratuzilmasini takomillashtirishga koʻmak bermoqda.
Oxirgi 3 yilda maktablarning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib, 157 ta yangi maktab qurildi. Shu bilan birga:
•2864 maktabda isitish tizimi yaxshilandi;
•493 maktabning atrofi oʻraldi;
•173 maktab ichimlik suvi bilan taʼminlandi;
•175 maktabda oshxona qurildi;
•579 maktabda hojatxona qurildi;
•181 maktabda kanalizatsiya tizimi taʼmirlandi.
Investitsiya dasturi doirasida 53 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarni yangidan qurish va 210 tasini rekonstruksiya qilish hisobiga jami 646 ta maktablarda belgilangan meʼyorlaridan nisbatan sigʻimini 1,5 koeffitsiyentgacha tushishiga erishildi.
Hokimiyat bilan hamkorlikda 2019-yil respublika va mahalliy byudjet mablagʻlari hisobiga jami 1 113 ta maktablarda 2,4 trln. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan:
Respublika byudjetidan jami 660 ta, (Investitsiya dasturi doirasida 506 ta, Toshkent viloyati uchun ajratilgan qoʻshimcha mablagʻlar doirasida 56 ta, Toshkent shahri uchun ajratilgan qoʻshimcha mablagʻlar doirasida 50 ta, Vazirlar Mahkamasining 708-son qaroriga asosan 29 ta, Prezident tashrifi bayonlari, hukumat qarorlari va topshiriqlariga koʻra 19 ta) xalq taʼlimi obyektlarida 1,8 trln. soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.
Mahalliy byudjet mablagʻlari hisobiga (“Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturlari va mahalliy resurslar doirasida) jami 472 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 808,4 mlrd. soʻmlik ishlar yakuniga yetkazildi.
Shuningdek, mahalliy byudjet mablagʻlari hisobiga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 388 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 552,56 mlrd. soʻmlik ishlar yakuniga yetkazildi.
Oʻtgan yili faoliyatini tugatayotgan 383 ta kasb-hunar kollejlarining binosi (shundan 154 tasi yangi maktab, 229 tasi qoʻshimcha bino) maktablarga berilishi natijasida maktab oʻquvchilari uchun qoʻshimcha 224 mingdan ortiq oʻquvchi oʻrinlari yaratildi.
2019-yilning 26-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Zamonaviy maktablar”ni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.
Qarorga koʻra, mamlakatimizda yangi tashkil etiladigan va rekonstruksiya qilinadigan maktablar xalqaro talablarga muvofiq ilgʻor arxitektura yechimlari va energiya tejaydigan texnologiyalar asosida quriladi va jihozlanadi.
2020-yilning 1-martiga qadar xorijiy tajriba va mamlakatning tabiiy iqlim sharoitiga mos, ekologik toza materiallar va energiyaning muqobil manbalari, energiya tejovchi hamda ilgʻor texnologiyalar va muhandislik yechimlarini qoʻllashni nazarda tutuvchi “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Shuningdek, 2020-yil 1-martga qadar umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini zamonaviy mebel va jihozlar, oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, oʻquv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia hamda video-kuzatuv vositalari bilan jihozlashning yangi meʼyorlarini ishlab chiqish tasdiqlandi.
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Zamonaviy maktablar“ talablariga asoslanib, umumtaʼlim maktablarini baholash mezonini yaratish boʻyicha ishlar olib boriladi.
“Zamonaviy maktablar”ga qoʻyiladigan talablarga mos keladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga tegishli darajadagi muvofiqlik sertifikati beriladi.
“Zamonaviy maktab” muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining rahbar va oʻqituvchilariga ish haqi hamda moddiy ragʻbatlantirishning yuqori stavkalari qoʻllaniladi.
Qarorga koʻra, mamlakatimizda 2020-2022-yillarda “Zamonaviy maktab” loyihasi boʻyicha umumtaʼlim maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va jihozlashga 4,05 trln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgan.
Iqtidorli bolalar bilan ishlash tizimi
2019-yilda mamlakatimizda iqtidorli bolalar bilan ishlash va ularning qobiliyatini yanada rivojlantirish boʻyicha takomillashtirish ishlari boshlandi.
Barcha maktablardagi taʼlim sifatini oshirish boʻyicha lokomotiv vazifasini oʻtovchi Prezident maktablari tashkil etildi. Prezident maktablari Toshkent, Xiva, Nukus va Namangan shaharlarida faoliyat boshladi.
Prezident maktablarida oʻquv jarayoni “STEAM — taʼlim“ dasturi (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — sanʼat, Mathematics — matematika) boʻyicha olib boriladi. Bu esa iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda, ijodiy salohiyati, moslashuvchanligini rivojlantirishga imkon beradi. Ushbu yoʻnalishdagi darslar ingliz tilida olib boriladi. Ayni paytda maktab STEAM metodologiyasi boʻyicha darslik va oʻquv qoʻllanmalar bilan taʼminlangan.
Yosh avlodni Vatanga muhabbat va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun Prezident maktablarida oʻzbek tilida oʻqitiladigan ona tili va adabiyoti, tarix va boshqa fanlarni chuqur oʻrganishga alohida eʼtibor beriladi.
9-11-sinf oʻquvchilarining qiziqish va xususiyatlariga qarab, Prezident maktabida taʼlim oʻquv jarayonini individualizatsiya qilingan holda olib boriladi.
Prezident maktabi bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega boʻladi. Bu esa oʻz navbatida xorijiy oliy oʻquv yurtlariga kirish imkonini beradi.
Shu bilan birga 2019-yil davomida bir necha ijod maktablari tashkil etildi. Ayni vaqtda mamlaktimizdagi9 ta ijod maktablarida 1612 nafar oʻquvchi taʼlim olmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4306-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga koʻra endilikda xalqaro olimpiada gʻoliblari va ularning oʻqituvchilari bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi:
1-oʻrin (oltin medal) uchun – 500 (111,5 mln. soʻm), oʻqituvchisiga – 450 baravar (100,35 mln. soʻm);
2-oʻrin (kumush medal) uchun – 300 (66,9 mln. soʻm), oʻqituvchisiga – 250 baravar (55,75 mln. soʻm);
3-oʻrin (bronza medal) uchun – 200 (44,6 mln. soʻm), oʻqituvchisiga –150 baravarida (33,45 mln. soʻm).
2019-yilda Oʻzbekiston terma jamoasi Xalqaro olimpiadalarda jami 8 ta medalni qoʻlga kiritdi. Jumladan, 11-22-iyul kunlari Buyuk Britaniyaning Bat shahrida boʻlib oʻtgan 60-Xalqaro matematika olimpiadasida (IMO) Oʻzbekiston jamoasi 1 ta bronza medal (2018-yilda medal olinmagan) va 3 ta diplom, 14-21-iyul kunlari Vengriyaning Seged shahrida boʻlib oʻtgan 30-Xalqaro biologiya olimpiadasida (IBO) Oʻzbekiston jamoasi 3 ta bronzamedal (2018-yilda medal olinmagan), 21-30-iyul kunlari Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtgan 51-Xalqaro kimyo olimpiadasida (IChO) Oʻzbekiston jamoasi 2 ta kumush va 2 ta bronza medal (2018-yilda 2 ta bronza medali) sohibi boʻldi.
2019-yilda xalqaro olimpiada sovrindorlari va ularning oʻqituvchilarini ragʻbatlantirish uchun 714 mln. soʻm mablagʻ ajratildi.
Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta tashabbus
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan 5 tashabbus doirasida yurtimiz umumtaʼlim maktablarida turli toʻgaraklar, seksiyalar va klublar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Xususan, madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi toʻgaraklarga 779 ming, jismoniy tarbiya va sport boʻyicha seksiyalar 1,1 million, axborot texnologiyalari yoʻnalishiga toʻgaraklar 444 ming, kitobxonlik klublariga 264 ming nafar oʻquvchi, shuningdek 377 ming nafar qizlar ijtimoiy faol hayotga jalb etildi. Jami 2,9 million nafar oʻquvchi toʻgaraklar, seksiyalar va klublarga jalb etilib, umumiy koʻrsatkich 47,5 foizni tashkil etdi.
2020-yilda Xalq taʼlimi tizimida quyidagi ustuvor vazifalar amalga oshiriladi:
10-11-sinf oʻquvchilarini oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishga yaxshiroq tayyorlash uchun ularning qiziqish va xususiyatlarini hisobga olgan holda bosqichma-bosqich variativ oʻquv rejalari joriy etiladi (15 ta fan oʻrniga 8 ta fan chuqurlashtirib oʻqitiladi).
Xususiy sektorni, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida taʼlim muassasalarini tashkil etish ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi.
Osiyo taraqqiyot banki bilan Sergeli tumanida maktablarni qurish, taʼmirlash, jihozlash hamda ekspluatatsiya qilish boʻyicha loyiha davlat-xususiy sheriklik koʻrinishida amalga oshiriladi.
“Zamonaviy maktab” loyihasi boʻyicha qurilish, jihozlash va maktab faoliyatini tashkil etish boʻyicha talablar ishlab chiqiladi. Ushbu talablarga mos namunaviy maktablar loyihalari yaratiladi.
Darsliklar mazmunan qayta koʻrib chiqiladi. Darslarda muqobil darsliklardan foydalanish yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
2020-yilning mart oyida boshlangʻich sinf oʻquvchilarining oʻqish savodxonligi (EGRA) va matematik savodxonligini (EGMA) baholash toʻlaqonli amalga oshirilishi orqali boshlangʻich taʼlim sifati ilk bor xalqaro darajada baholanadi hamda uni sifatini oshirish boʻyicha aniq choralar belgilab olinadi.
Xalq taʼlimi tizimida “Elektron kundalik”, gis.uzedu.uz, ish.uzedu.uz, online-maktab.uz, kitob.uz, stat.uzedu.uz, emis.uzedu.uz, Khan Academy Oʻzbek axborot tizimlari joriy etilish qamrovi kengayadi. Natijada qogʻoz koʻrinishidagi sinf jurnallari va kundalik daftarlari bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
Elektron kitoblar hamda oʻzbek tilida onlayn darsliklar bazalari shakllanadi. Internet orqali barcha maktablar va ochiq ish oʻrinlari haqida interaktiv maʼlumotlar olish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek oʻquvchilar uchun har chorakda onlayn olimpiadalar tashkil qilish uchun olympiad.uzedu.uz ishga tushiriladi.
AQSHlik hamkorlar bilan ingliz tili oʻqituvchilarining til bilish darajasi baholanadi va ularning malakasini oshirish boʻyicha choralar koʻriladi (English Speaking Naiton loyihasi). Rossiyalik hamkorlar bilan rus tili oʻqituvchilarining til bilish darajasi baholanadi va ularning malakasini oshirish boʻyicha choralar koʻriladi.
Oʻzbek tilini oʻqitishni soddalashtirish va oʻquvchilarda oʻzbek tili koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha oʻquv dasturi qayta koʻrib chiqiladi.
AQSHlik hamkorlar bilan birgalikda Axborot texnologiyalarini oʻqitish boʻyicha dasturlar va oʻquv qoʻllanmalari takomillashtirish boʻyicha loyiha boshlanadi (IT Nation loyihasi).
Biologiya, kimyo, matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari boʻyicha qoʻshimcha fan olimpiadalari oʻtkaziladi hamda xalqaro nufuzli fan olimpiadalariga tizimli tayyorgarlik yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻquvchilarda milliy gʻoya va vatanparvarlik tuygʻusini rivojlantirishga qaratilgan “Tarbiya” fani bosqichma-bosqich joriy etiladi.