O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«StarTTech» IT-konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
2020-01-13 | Texnologiyalar
2020-yil 10-yanvar kuni Toshkent shahrida “StarTTech” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda IT- Park tomonidan o‘tkazilgan ushbu tadbirda dasturiy mahsulotlar bozorining zamonaviy tendensiyalari muhokama qilindi.
Ushbu konferensiyada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari O.Umarov ishtirok etdi.
Konferensiya davomida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik park - IT-Park tomonidan o‘tgan bir yil davomida amalga oshirilgan loyihalar, kelgusidagi yuksak rejalar xususida atroflicha fikr almashildi.
IT-Park – istiqbolli startap loyihalarini ishga tushirish va bozorga chiqarishni ta’minlash uchun mo‘ljallangan, shu jumladan, ilmiy va ilmiy-ma’rifiy tashkilotlar bilan integratsiyalashgan ob’ektlar, bino va inshootlar, shuningdek jihozlar majmui hamda faol iqtidor egalari o‘z g‘oyalarini real biznes loyihalariga aylantirish uchun haqiqiy imkoniyatga ega bo‘ladigan buxgalteriya hisobi, huquq, marketing va ilmiy-ma’rifiy qo‘llab-quvvatlash topa oladigan maskandir.
Anjumanda ishtirokchilar dunyoning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan AKT sohasi taniqli mutaxassislarining qiziqarli ma’ruzalarini tinglash, IT-Parkning yil yakunlari va istiqbolli rejalari bilan tanishish, shuningdek mahalliy IT-kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashish, eng muhimi o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, yangi loyihalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ta’kidlash lozimki, ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri O‘zbekiston Respublikasida IT ta’limi, rezidentlik va istiqbolli loyihalar sohasida hamkorlikni kuchaytirish uchun IT sohasidagi hamfikr hamkorlarni birlashtirish va shu orqali ushbu yo‘nalish istiqbollarini belgilashdir.
«StarTTech»konferensiyasi 4 ta sessiyaga, ya’ni IT sohasining startap ekotizimlari, venchur moliyalashtirish, IT ta’limi va IT-markazlar, IT-eksportni rivojlantirish kabi dolzarb yo‘nalishlarga bo‘lingan holda o‘tkazildi.
Har bir sessiyada xalqaro darajadagi taniqli soha mutaxassislari Aleksey Plotnikov, Sergey Bogdanov, Sergey Brajnik,Bahrom Fayzutdinov o‘z tajribalari va yangi loyihalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ma’lumot uchun :
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 30-sentabr va 2-oktabr kunlari davomida Hindiston Respublikasiga davlat tashrifi chogʻida, Oʻzbekiston va Hindiston tomonlari axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish borasida kelishuvga erishishgan edi. Oʻzbekiston tomoni Oʻzbekistonda dasturiy mahsulotlar va startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan axborot texnologiyalari parkini Hindistonning ushbu sohadagi kompaniyalari bilan hamkorlikda va ularning ilgʻor tajribasiga tayangan holda barpo etish borasida oʻz qiziqishini bildirdi. Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni taʼkidlash mumkinki, AT Parki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda startap-ekomuhitini va startap-loyihalarini yaxshilash va ularning rivojlanishini ta’minlash maqsadida barpo etildi.
Keyinchalik, axborot texnologiyalari eko-muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2019-yilning 10-yanvarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 17-sonli qarori qabul qilindi. Qaror mohiyatidan kelib chiqib, AT Parki Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi taʼsischiligi asnosida, mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil qilindi.