O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Variativ oʻquv rejalarini tajriba-sinovdan oʻtkazishga bagʻishlangan videoseminar boʻlib oʻtdi
2020-01-06 | Ta’lim
Joriy yilning 4-yanvar kuni Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Umarov boshchiligida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida variativ oʻquv rejalarini tajriba-sinovdan oʻtkazishga bagʻishlangan videoseminar boʻlib oʻtdi.
Videoseminarda hududiy xalq taʼlimi boshqarmalari masʼul xodimlari, maktab direktorlari va oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
2019-yilning 29-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri buyrugʻi bilan 2019-2020 oʻquv yilining uchinchi choragidan boshlab, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida variativ oʻquv rejalarini tajriba-sinovdan oʻtkazish haqida qaror qabul qilingan edi.
Videoseminar doirasida ishtirokchilarga maktablarda variativ oʻquv rejalarni joriy etish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Umumtaʼlim maktablarida variativ oʻquv rejani tajriba-sinovdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida Respublika taʼlim markazi direktori Xikmatilla Daminov taqdimot qildi.
Taqdimot doirasida Xikmatilla Daminov tanlov sinflarini shakllantirish va variativ oʻquv rejalarni joriy etish boʻyicha ahamiyat berilishi kerak boʻlgan masalalarga toʻxtalib oʻtdi.
Eslatib oʻtamiz, tanlov sinfini tashkil etish uchun quyidagi yoʻnalishlar tavsiya etiladi:
birinchi yoʻnalish: xorijiy til va filologiya yoʻnalishi;
ikkinchi yoʻnalish: moliya – iqtisod yoʻnalishi;
uchinchi yoʻnalish: texnologiya yoʻnalishi;
toʻrtinchi yoʻnalish: tabiiy fanlar yoʻnalishi;
beshinchi yoʻnalish: ijtimoiy-gumanitar yoʻnalish.
Tanlov sinflari bir yoki bir necha yoʻnalishda ochilishi mumkinligi aytib oʻtildi. Shu bilan birga, variativ oʻquv rejalarining joriy qilinishi ixtiyoriyligi va maktabda tanlov sinfini tashkil etishda yuqori malakali, tajribali oʻqituvchilarning mavjudligi inobatga olinishi kerakligi taʼkidlandi.
Videoseminarda respublika boʻyicha barcha hududlardagi xalq taʼlimi boshqarmalari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi rahbarlari va masʼul xodimlari oʻzlarining qiziqtirgan savollariga javob olishdi.