O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Yangilanayotgan Oʻzbekistonga yangi avlod kadrlari”
2020-01-04 | Jamiyat
Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasida Toshkent shahrida “Umid” jamgʻarmasi bitiruvchilarining “Yangilanayotgan Oʻzbekistonga yangi avlod kadrlari” mavzusidagi birinchi xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda. Tadbirda 300 nafarga yaqin sobiq “Umid” jamgʻarmasi stipendiyalari sovrindorlari, shu jumladan, 90 nafardan ortiq xorijda istiqomat qilayotgan, zamonaviy bilim va qimmatli tajribaga ega boʻlgan vatandoshlarimizning ishtirok etishmoqda.
Jamgʻarma koʻmagida 1997-2003-yillar davomida dunyoning nufuzli oliy taʼlim muassasalari bakalavriat va magistratura taʼlim yoʻnalishlarida jami 828 nafar istiqbolli yoshlar tahsil olishdi.
Ularning 345 nafari AQSH, 329 nafari Buyuk Britaniya, 83 nafari Germaniya, 33 nafari Fransiya, 20 nafari Yaponiya, 11 nafari Kanadaga va 7 nafari Italiya davlatlaridagi nomdor universitetlari tinglovchisi boʻlishdi.
Konferensiyaning birinchi qismida “Umid” jamgʻarmasi orqali oʻsha yillari xorijda tahsil olib, hozirda rahbar lavozimlaridan faoliyat yuritib kelayotgan vatandoshlarimiz chiqishlar qildilar. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sherzod Kudbiyev, Adliya vaziri Ruslan Davletov, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev xorijdagi oʻqishlari va faoliyatlari, Oʻzbekistonda erishgan yutuqlari, hozirda amalga oshirayotgan ishlari toʻgʻrisida soʻzladilar.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hozirda yangilanayotgan Oʻzbekistonda iqtidorli, bilimli, natijaga intiluvchan kadrlar qoʻllab-quvvatlanayogani, ularning mehnat qilishlari, islohotlarda faol ishtirok etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani haqida gapirarkan, bugunda iqtisodiyotimizning turli sohalariga innovatsiyalarni joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning boshida malakali, keng dunyo qarashli, jahon tajribasini yurtimizga olib kirishga qodir mutaxassislar turishi kerakligiga urgʻu berdi.
“Yangilanayotgan Oʻzbekistonga yangi avlod kadrlari“ birinchi xalqaro konferensiyasining “Mamlakatimizning innovatsion rivojlanish strategiyasi va ustuvorliklari“ seksiyasi ishi forsayt usulida oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasini 2019-2021-yillarda innovatsion rivojlanish strategiyasiniyg bosh maqcadi inson kapitalini rivojlantirish ekani, va bu borada hozirda yurtimizda qator ishlar amalga oshirilayoganini inobatga olgan holda, 2022-yildan boshlab Oʻzbekiston qaysi startegik muhim vazifalarni oʻz oldiga qoʻyishi kerak, degan savol konferensiya ishtirokchilarning oldiga qoʻyildi.
Seksiya ishtirokchilari 5 ta guruhga boʻlingan holda respublikamiz innovatsion rivojlanish uchun muhim boʻlgan masalalarni muhokama qilib, ular boʻyicha dastlabki takliflarni shakllantirdilar. Xususan, innovatsion rivojlanishda kadrlar tayyorlash tizimni takomillashtirish, innovatsion infratuzilmaning institutsional jihatlari, innovatsion faoliyatni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, ilm-fan va biznes integratsiyasini tijoratlashtirish, innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻnalishlaridagi muammolar tahlil etilib, yangicha qarashlar va tajribalardan kelib chiqqan holda takliflar ishlab chiqildi.
Birgina innovatsion faoliyatni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari boʻyicha ishtirokchilarning quyidagi fikrlari dolzarb deb topildi:
1. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar va donorlar bilan hamkorlikni kengaytirish(Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqalar).Bunda, kredit mablagʻlari, grantlar hamda begʻaraz texnik koʻmak mablagʻlarini jalb etish.
2. Intellektual mulkni baholash tizimini ilgʻor mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda takomillashtirish.
3. Venchur kapital ishtirokidagi startap va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish.
4. Kraudfanding (srowdfunding) va fandrayzing (fundrising) instituti tizimining huquqiy jihatlarini ishlab chiqish va joriy etish.
5. Moliyalashtirilgan loyihalarning samaradorligini baholab borish uchun ularning moliyaviy holati va hisobotlarini shaffoflashtirish.
6. Innovatsion loyihalarni amalga oshirishda mahalliy hokimiyatlar negizida ekspertlar paneli tomonidan baholash, tahlil qilish va moliyaviy jihatdan qoʻllab quvvatlash.
7. Innovatsion tadbirkorlikning afzalliklarini ommaviy axborot vositalari orqali targʻib qilish (Digital marketing).
8. Moliyalashtirishda investorlar va loyiha tashabbuskorlari oʻrtasida integratsiyalash tizimini kengaytirish hamda kapital bozorini rivojlantirish.
Konferensiya oʻz ishini davom ettirmoqda.